Huawei 1
WP: Isroil hukumati G'azo sektoridagi gumanitar pauzani uzaytirishga tayyor

Amerikaning The Washington Post gazetasi Isroil rasmiylari G‘azo sektoridagi vaqtinchalik sulhni yana ikki-uch kunga uzaytirishga tayyorligini ma’lum qildi. Nashrning yozishicha, Isroil rasmiylari shu vaqt ichida Falastinning HAMAS harakati tomonidan garovga olinganlarning katta qismi ozod etilishiga erishishni rejalashtirgan.

“Biz ertaga yana ikki-uch kunlik garovga olinganlarni ozod qilish va gumanitar pauza bo‘lishini kutamiz, shundan so‘ng G‘azodagi operatsiyalarni davom ettiramiz, yoki ehtimol, keyingi kelishuvlarga erishiladi”, dedi Isroil hukumatining yuqori martabali amaldorlaridan biri. 

Shuningdek, Isroil rasmiylari HAMASga garovga olinganlarni qaytarish jarayonini kengaytirish va asirdagi erkaklarni ham ozod qilish ro‘yxatiga kiritishni taklif qilishmoqda (harakat hozircha faqat bolalar va ayollarni ozod qiladi), biroq tomonlar bu borada hali kelishuvga erisha olishmagan.

Eslatib o'tamiz, G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish evaziga tuzilgan sulh bitimi 24-noyabrdan kuchga kira boshladi. Uning amal qilish muddati 27-noyabrda tugashi kerak edi, biroq shu kuni kelishuvlar Qatar va Misr rasmiylari vositachiligida ikki kunga uzaytirildi. Bu vaqt ichida garovga olinganlarning besh guruhi ozod qilindi va Isroilga qaytarildi va buning evaziga Isroil rasmiylari mamlakatdagi qamoqxonalardan bir necha o‘nlab falastinlik mahbuslarni ozod qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 103011 | Инструменты