Xitoyning “Shenchjou-19” kosmik kemasi uch kishidan iborat ekipaj, jumladan, mamlakatdagi birinchi kosmik muhandis ayol bilan orbitaga chiqdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Uch nafar taykonaft Xitoy shimolidagi Szyusyuan kosmodromidan muvaffaqiyatli koinotga ko‘tarildi. Ekipaj Xitoy kosmik stansiyasidan 6 oy davomida tajribalar o‘tkazish va ochiq kosmosga chiqish uchun baza sifatida foydalanadi. Taykonaftlar 86 ta ilmiy tajriba o‘tkazadi. Ular orasida tibbiyot, biologiya, fizika va kosmik texnologiyalar ham bor.
“Pekin 2030-yilgacha insonni Oyga qo‘ndirish bo‘yicha kelajakdagi missiyasi uchun tajriba va razvedka ma’lumotlarini to‘plamoqda”, deb yozadi BBC.
Ikki yil oldin Xitoy raisi Si Szinpin “ulkan kosmosni o‘rganish, kosmik sanoatni rivojlantirish va Xitoyni kosmik davlatga aylantirish — azaliy orzumiz” degan edi.
Biroq Vashingtondagi ayrim mulozimlar buni haqiqiy xavf sifatida ko‘rmoqda. 2024-yil boshida NASA rahbari Bill Nelson AQSH va Xitoy bu borada “musobaqalashayotganini” aytgan. U Pekin kosmoda hududiy da’volarni ilgari surishi mumkinligini bildirgan.
Avvalroq Bloomberg nashri AQSH Kosmik kuchlariga tayanib, AQSH armiyasi 2025-yildan sun’iy yo‘ldoshlarni radioelektron tarzda bostirish uchun yangi ko‘chma stansiyalarni qo‘llay boshlashi haqida xabar bergandi. Gap asosan Rossiya va Xitoyga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan Meadowlands tizimi haqida ketgan.
Bunga javoban Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Amerika rasmiylaridan koinotni harbiylashtirishni to‘xtatishni talab qilgan.
“Xitoy har doim kosmik bo‘shliqdan tinchlik maqsadida foydalanishni yoqlab kelgan, qurollanish poygasi va kosmosga qurol joylashtirishga qarshi chiqib kelgan. Biz Qo‘shma Shtatlarni mas’uliyatsiz bayonotlarni to‘xtatishga, kosmik bo‘shliqda harbiy kengayish va urushga tayyorgarlik ko‘rishni bekor qilishga chaqiramiz”, degan vazirlik rasmiy vakili Lin Szyan.