Bryussel Gruziya hukumatiga ajratilgan moliyaviy yordamni bekor qildi va bu mablag'larni mamlakatdagi fuqarolik jamiyatini qo'llab-quvvatlash uchun ishlatadi
Yevropa Ittifoqi Gruziya hukumati uchun ajratilgan 120 million yevrodan ortiq mablag‘ni boshqa maqsadlarga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 18 noyabr, dushanba kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar kengashi yig‘ilishida matbuot anjumanida maʼlum qildi.
Oktyabr oyida Gruziyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari mamlakatning «hozirgi hukumat davridagi demokratik chekinishini» tasdiqlaganiga munosabat bildirgan holda, Yevropa Ittifoqi Gruziya qurolli kuchlarini Yevropa tinchlik jamg‘armasi orqali qo‘llab-quvvatlashni bekor qildi, shuningdek, Gruziyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri 121 million yevro ajratishni to‘xtatdi, dedi Borrel. Bu mablag‘lar «fuqarolik jamiyati va to‘g‘ridan to‘g‘ri gurji xalqiga foyda keltiradigan dasturlarga» yo‘naltiriladi, dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari.
Saylovda «nima bo‘lganini diqqat bilan o‘rganish» uchun Bryussel Gruziyaga siyosiy missiya yuboradi va saylovlar buzilishiga o‘z bahosini taqdim etish uchun Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byuroning Gruziyadagi saylovni kuzatish missiyasi rahbari taklif etiladi.
«Gruziya orzusi» yetakchilari Gurjiston xalqining intilishlari va mamlakatning YEIga kirish maqsadiga zid harakat qilib, mamlakatni Yevropa Ittifoqi yo‘lidan uzoqlashtirdi», dedi Jozep Borrel. «Men o‘tgan yili Gruziyaga tashrifim chog‘ida aytganimni takrorlamoqchiman: Gruziya uchun Yevropa Ittifoqining eshigi ochiq qoladi».
Alpha version: 0.9.1.19 build 111913 | Инструменты