Yevropa davlatlari Ukrainaga kamida 20 milliard yevrolik harbiy yordam paketi ustida ishlamoqda, deb xabar berdi Politico va Bloomberg diplomatik manbalarga tayanib.
Yevropa Ittifoqi shu tariqa AQShning Rossiya bilan yaqinlashuvi fonida Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda. Paketga, xususan, artilleriya snaryadlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari, raketalar kiradi.
Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha sa’y-harakatlar Yevropa diplomatiyasi rahbari, Estoniyaning sobiq bosh vaziri Kaya Kallas tomonidan muvofiqlashtirilmoqda. Politico suhbatdoshlari ta’kidlashicha, yordam, katta ehtimol bilan, «ayrim davlatlar — birinchi navbatda Vengriya qarshiligini hisobga olgan holda, Yevropa Ittifoqining rasmiy paketi emas, balki alohida a’zo davlatlarning birlashgan badallari» shaklida taqdim etiladi.
Shu bilan birga, bir necha kun oldin Politico Yevropa Ittifoqi Ukrainaga kamroq miqdorda — olti milliard yevrolik harbiy yordam paketi berishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergan edi.
The Telegraph ma’lumotiga ko‘ra, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi paketa haqida e’lon qilmoqchi. Bu 24 fevral, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganiga uch yil to‘lgan kuni e’lon qilinishi taxmin qilinmoqda.
Bundan tashqari, London Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Yana bir qo‘llab-quvvatlash chorasi Rossiyaning «iflos pullari»ga qarshi kurashning yangi sxemasi bo‘ladi. Hukumatdagi manbaning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya tomonidan ta’qib obekti «Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlovchi oligarxlar» bo‘lishi mumkin.
The Telegraph qayd etishicha, Buyuk Britaniya ushbu qarorlari bilan Vashington va Londonning Rossiya-Ukraina mojarosi bo‘yicha pozitsiyalaridagi tafovutlarni «yaqqol ko‘rsatib beradi».
Alpha version: 0.9.1.19 build 22321 | Инструменты