Vladimir Zelenskiy Ukraina va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi «100 yillik hamkorlik» deb nomlangan kelishuv Kiyevning boshqa davlatlar bilan munosabatlari uchun namuna bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu murojaat 16 yanvar, payshanba kuni Ukraina prezidenti saytida e’lon qilindi.
Zelenskiy: «Bu munosabatlarning mutlaqo yangi formati»
Payshanba kuni ertalab Zelenskiy va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Kiyevdagi Mariinskiy saroyida 100 yillik hamkorlik shartnomasini imzolagan edi. Unda mudofaa va ilm-fan sohalarida hamkorlik qilish, mamlakatlar o‘rtasida yangi jamoatchilik aloqalarini yaratish ko‘zda tutilgan.
«Bu prinsipial jihatdan yangi munosabatlar formati. Ukraina va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabatlar endi har qachongidan ham yaqinroq. Va Buyuk Britaniya bilan yuz yillik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaga kiritilgan ba’zi narsalar, albatta, boshqa davlatlar bilan ham takrorlanishi mumkin. Sheriklik munosabatlarimizni yanada rivojlantirish, mudofaa, xavfsizlik sohasida hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan», dedi Vladimir Zelenskiy.
Unga ko‘ra, 2025 yilda Kiyev Londondan 6,6 milliard dollar harbiy yordam oladi. 3 milliard dollardan ortiq to‘lov shartnoma bo‘yicha yillik majburiyatga aylanadi, dedi Zelenskiy.
«Bundan tashqari, kelishuv iqtisodiy, texnologik va ta’lim sohasidagi hamkorlikni — maktablarimiz va universitetlarimizni inglizlar bilan hamkorlikda rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. Shartnomaning maxfiy qismi ham mavjud. Bizning taraqqiyotimiz uchun haqiqatan ham barqarorlik va imkoniyatlarni qo‘shadigan narsa», deya qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.
U Starmer bilan Ukraina dron ishlab chiqaruvchilari bilan uchrashganini aytdi.
«Bu yil bizning dronlarimiz hajmi bo‘yicha rekord yil bo‘lishi kerak», deb va’da berdi prezident.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11718 | Инструменты