MHTI ekspertlari tomonidan 2024-yilning III choragi uchun real samarali almashuv kursi (REER) indeksi hisoblab chiqildi.
Izoh: ushbu indeks 10 ta asosiy savdo hamkorlarimizdan tashkil topgan kichik guruh (umumiy tashqi savdo aylanmasining 70 foizi) va 20 ta asosiy savdo hamkorlarimizdan tashkil topgan katta guruh (83 foizi) uchun alohida hisoblandi.
Tahlil natijalariga ko'ra, joriy yilning III choragida ikki guruh bo'yicha hisoblangan real samarali almashuv kursi ham biroz pasaydi. Xususan, 2024-yilning aprel-iyun oylarida ushbu indekslar mos ravishda o'rtacha 106,4 va 105,2 ni tashkil etgan bo'lsa, iyul-sentyabr oylariga kelib mazkur ko'rsatkichlar 106,1 va 104,9 gacha tushdi (2019-yil yanvar = 100,0).
2024 yilning III choragida umumiy eksport hajmi (6,78 mlrd AQSH dollari) va umumiy import hajmi (9,60 mlrd AQSH dollari) o'rtasidagi tafovut (2,8 mlrd AQSH dollari) 2023 yilning mos davriga (4,57 mlrd AQSH dollari) nisbatan 38,4 foizga kamaygan bo'lsa, oltinsiz eksport hajmi (5,18 mlrd AQSH dollari) va jami import hajmi o'rtasidagi tafovut (4,41 mlrd AQSH dollari) o'tgan yilning mos davriga (5,83 mlrd AQSH dollari) nisbatan 24,3 foizga qisqargan.
2024-yil III chorakda REER indeksining pasayishi o'zbek so'mining eng yirik savdo hamkorlarimiz hisoblangan Rossiya va Xitoy milliy valyutalariga nisbatan qadrsizlanishi (II chorakka nisbatan mos ravishda 0,86 va 1,0 foizga) hamda Turkiyadagi yuqori inflyatsiya bilan izohlanadi.
Yil oxiriga qadar so'mning mo'tadil devalvatsiyasiyasi fonida real samarali almashuv kursi nisbatan barqaror darajada shakllanishi prognoz qilinmoqda.
Umuman olganda, real samarali almashuv kursiga quyidagi omillar bevosita va bilvosita ta'sir qiladi:
— o'zbek so'mining xorijiy valyutalarga nisbatan nominal almashuv kursi (devalvatsiya/revalvatsiya);
— ichki narxlar darajasi (inflyatsiya);
— xorijiy narxlar darajasi (asosiy savdo hamkor davlatlardagi inflyatsiya);
— tashqi savdoda asosiy savdo hamkorlarimiz va ular hissasining o'zgarishi (tashqi savdo diversifikatsiyasi);
— foiz stavkalari;
— davlat byudjeti balansi (iqtisodiyotdagi talab).
Alpha version: 0.9.1.19 build 111922 | Инструменты