Shu kunlarda Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga murojaatlar soni bir muncha oshgan.
Mutaxassislar buni noyabr oyi mavsumiy allergik kasalliklarni davolashni boshlash uchun eng yaxshi vaqt ekanligi bilan izohlaydi. Chunki o‘simliklar gullaganida allergiyadan aziyat chekmasalik uchun bemorlarga ayni shu davrda allergen spetsifik immunoterapiya (ASIT) usuli yordamida muolaja olish tavsiya etiladi.
— Sohamizda yangidan-yangi diagnostika va davolash usullari joriy etilmoqda, — deydi markaz direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — Shulardan biri allergen spetsifik immunoterapiya (AIST) deb nomlanadi.
Ushbu muolaja turida allergenlarning tuzli-suvli eritmasi bemor organizmiga kichik dozalarda titrlab yuboriladi. Shundan so‘ng spetsifik antitana miqdori kamayishi, yaʼni allergenga nisbatan javob reaksiyasi pasayishi kuzatiladi.
Natijada qondagi umumiy IgE miqdori ozayib, bloklovchi antitana — IgG4 ko‘payadi. Shu tariqa kasallik simptomlari kamayib, hatto xastalik bemorni umuman bezovta qilmaydi.
Mutaxassisning qayd etishicha, ASIT allergik rinit va bronxial astmaning yengil hamda o‘rta shakllaridan aziyat chekayotgan 5 yoshdan oshgan bolalar va kattalarni davolashga mo‘ljallangan. Biroq bu usul atopik dermatit, oziq-ovqat allergiyasi muolajasida samara bermaydi. Immunitetni o‘zgartirmaydi.
Davolash kursi — 3 yildan 5 yilgacha. Muolajalar ikki — inyeksiya yoki sublingual usulda amalga oshiriladi. Ikkinchi shakl tabletka yoki tomizg‘i dorilarni o‘z ichiga oladi. Ammo har ikkisining samaradorligi bir xil.
Davolash jarayonini boshlash vaqti bemorning aynan nimaga allergiyasi borligi bilan bog‘liq. Masalan, daraxt gulchanglari xastalik qo‘zg‘atuvchisi bo‘lsa, kech kuz, qish mavsumi va may oyigacha bo‘lgan davr maqbul. Inyeksiya shaklida muolajani yil bo‘yi davom ettirsa bo‘ladi.
Uy changlariga allergiyasi bo‘lganlarni davolash ham kasallikning tinch davrida boshlanadi. Agar alomatlar mavjud bo‘lmasa, muolajalarni yil bo‘yi qo‘llash mumkin.
I.Razikovaning taʼkidlashicha, ayni paytda Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida qo‘llanilayotgan allergen spetsifik immunoterapiya orqali davolash usuli yuqori samara bermoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111922 | Инструменты