Huawei 1
Polshada mutant poliomiyelit virusi aniqlandi

Polsha poytaxti Varshava oqova suvlarida mutatsiyaga uchragan poliomiyelit virusi aniqlandi. Bu haqda mamlakat Bosh sanitariya shifokori Pavel Gjesyovskiy ma’lum qildi.        

Qayd etilishicha, so‘nggi 22 yil davomida Yevropa yovvoyi poliovirus keltirib chiqaradigan infeksiyalardan xoli bo‘lgan. Polshada ushbu kasallikning so‘nggi holati 1984 yilda qayd etilgan. Biroq yangi holatlar Osiyo va Afrikada hali ham kuzatilmoqda, shuning uchun poliomiyelit unutilmagan. Shahar oqova suvlari muntazam ravishda poliovirus bor-yo‘qligi tekshiriladi. So‘nggi tekshiruvlar esa mamlakat uchun tashvishli natijalarni ko‘rsatgan. 

“2024 yilning noyabr oyida Varshavada to‘plangan oqova suv namunalarida 2-tur poliovirus aniqlangan. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga muvofiq profilaktika choralarini qo‘llash zaruratini bildiradi. Shunga o‘xshash holatlar so‘nggi paytlarda Ispaniya va Buyuk Britaniyada ham kuzatilgan”, deyiladi Bosh sanitariya nazorati xabarida. 

Gjesyovskiy vaziyat tashvishli ekanini tan olgan, ammo hozirgacha birorta holat tasdiqlanmaganini qayd etgan.  

“Eng muhim xabar shuki, agar siz emlanmagan bo‘lsangiz, Polshada 40 yil davomida yovvoyi poliomiyelit kuzatilmagan bo‘lsa-da, vaziyat o‘zgarib bormoqda”, dedi u matbuot anjumanida. 

Mutatsiyaga uchragan virus shakllari emlanganlar uchun xavf tug‘dirmaydi, biroq emlanmagan va vaksina orqali immunitetga ega bo‘lmagan odamlarga xavfli bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, poliomiyelit (yoki qisqacha polio) – bu poliovirus keltirib chiqaradigan o‘ta yuqumli virusli kasallik. U asosan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi, ammo har qanday yoshdagi odamlarga ham ta’sir qilishi mumkin. Kasallik markaziy asab tizimini zararlashi oqibatida falaj (to‘satdan harakat qila olmaslik), mushaklarning kuchsizlanishi yoki hatto o‘limga olib kelishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111922 | Инструменты