«Katta yigirmalik» (G20) davlatlari yetakchilari G‘azo sektori va Livanda o‘t ochishni to‘xtatishni talab qildi. Ushbu talab Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan sammit yakunida qabul qilingan deklaratsiyada ilgari surilgan.
Falastinning qamal ostidagi eksklavida halokatli vaziyat yuzaga kelganidan xavotir izhor qilgan siyosiy yetakchilar uzil-kesil otashkesimga kelish va fuqarolarning o‘z uyiga qaytishi uchun shart-sharoit yaratish lozimligini ta’kidlagan.
«Biz insonparvarlik ko‘magini ko‘paytirish va tinch aholi vakillarini himoya qilish borasida kuchli ehtiyoj mavjudligini ta’kidlagan holda, insonparvarlik ko‘magi to‘liq yetkazilishi yo‘lidagi barcha to‘siqlarni olib tashlashni talab qilamiz», – deyiladi deklaratsiyada.
G20 yetakchilari falastinliklar ham o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega ekani, ziddiyatning yechimi ikki davlat tamoyilida ekanini uqtirgan.
G‘azo sektorida urush boshlangan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroil hujumlari oqibatida 43922 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 103898 nafari jarohatlangan.
Afsuski, dahshatli statistika kun sayin oshib bormoqda. Xalqaro tashkilotlar G‘azoda ko‘p sonli aholi bombalar, ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar tufayli halok bo‘layotgani haqida bong urmoqda.
BMT joriy yil iyun oyida e’lon qilgan surishtiruvda G‘azo sektorida aholi, xususan, bolalar qasddan qirib tashlanayotgani bayon qilingan.
«Katta yigirmalik» yetakchilari Livanda tinchlik o‘rnatish muhimligini ham qayd etgan.
Avvalroq Livan bosh vaziri Najib Miqotiy mamlakatga Isroil hujumlari oqibatida 8,5 milliard dollar moddiy zarar yetkazilganini ma’lum qilgandi.
2023 yil 8 oktyabrdan buyon Isroil armiyasi va Livandagi «Hizbulloh» harakati o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda.
O‘tgan bir yil ichida Isroilning Livanga hujumlari oqibatida 3516 kishi halok bo‘lgan. Ularning 902 nafari ayollar va bolalardir.
Muttasil aviahujumlar oqibatida yuz minglab aholi uyini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.
BMT Livandagi vaziyat yuzasidan tashvish bildirib kelmoqda.
G20 davlatlari Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha konstruktiv tashabbuslarni va BMT Ustavi doirasidagi takliflarni ham olqishlagan.
BMT ma’lumotlariga qaraganda, Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgan 2022 yil 24 fevraldan buyon 12162 nafar ukrainalik tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
«Katta yigirmalik» sammiti mobaynida yadro qurolidan xoli dunyo g‘oyasini ro‘yobga chiqarish, iqlim o‘zgarishi muammolarini hal etishda yaqindan hamkorlik qilish, global qashshoqlikka qarshi birgalikda kurashish lozimligi ham ta’kidlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111922 | Инструменты