Mutaxassislar O’zbekistonda joriy yilning 9 oyi davomida qishloq xo‘jaligining rivojlanish sur'atini tahlil qildi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2023-yilning 9 oyida (yanvar-sentyabr) qishloq xo‘jaligining rivojlanish sur'atini tahlil qildi.

Unda ma'lum bo'lishicha, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 4,1 foizga oshdi. Qishloq xo‘jaligining asosiy tarmoqlari ijobiy o‘sish sur’atlariga erishdi. Shunday qilib, dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirish hajmi 4,9 foizga, chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish esa 3,3 foizga oshgan.

Qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining eng yuqori o‘sish sur’ati Sirdaryo viloyatida qayd etildi – 106,9 foiz. 

O‘sish sur’atlari bo‘yicha yetakchi viloyatlar: 

- Surxondaryo (106,6 foiz);

- Xorazm (106,4 foiz);

- Jizzax (105,2 foiz);

- Namangan (105,1 foiz) viloyatlari.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 13,5 trillion so‘mga oshib, iqtisodiyotga yo‘naltirilgan investitsiyalar umumiy hajmining 6 foizini tashkil etdi.

Qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan siyosat mavjud resurslardan samarali foydalanish, aholi ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini iqtisodiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hisobiga oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirishga qaratilgan.

2023-yilning 9 oyi davomida barcha toifadagi fermer xo‘jaliklarida 6 972,1 ming tonna donli ekinlar yetishtirildi. Bu 2022-yilning shu davridagiga nisbatan 3,3 foiz ko‘p. 

Shunday qilib, 2 678,7 ming tonna kartoshka (+1,1 foiz), 8 136,2 ming tonna sabzavotlar (+1,5 foiz), 1 606,6 ming tonna poliz mahsulotlari (+3,4 foiz), 2 280,2 ming tonna meva va rezavorlar (+3,1 foiz) yetishtirilgan.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarning tizimli amalga oshirilayotgani va davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlanayotgani ichki bozorni chorvachilik mahsulotlari bilan to‘ldirishga xizmat qilmoqda.

Bu davrda tirik vaznda 2 042,9 ming tonna go‘sht (2022-yilning shu davridagiga nisbatan 3,5 foiz ko‘p), 8 579,2 ming tonna sut (+3,5 foiz), 6 055,9 million dona tuxum (+2,0 foiz) yetishtirildi va 91,2 ming tonna baliq (+10,5 foiz) ovlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72714 | Инструменты