Sanoat sohasi mamlakat iqtisodiyotining muhim yo‘nalishidir. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida sanoatning “drayver” sohalarini rivojlantirish va hududlarning sanoat salohiyatini to‘liq ishga solish, har bir tumanda zamonaviy texnologik sanoat zonalarini tashkil etish, sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmini 45 milliard dollarga yetkazish hamda 2,5 millionta yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Yurtimizda sanoatni rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida joriy yilning yanvar-avgust oylarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 498 trillion so‘mni yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 7 foizni tashkil etgan. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha Andijon viloyatida 9,2 foiz, Namangan viloyatida 8,2, Surxondaryo viloyatida 8,1, Toshkent shahri hamda Navoiy viloyatida esa 7,8 foiz o‘sishga erishilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Hududlarda sanoatni yana-da rivojlantirish, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqishni mahalliylashtirish, sanoat kooperatsiyalarini yo‘lga qo‘yishning o‘ziga xos jihatlari” mavzuidagi davra suhbatida aytib o‘tildi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mutasaddilari ishtirokida o‘tgan tadbirda 2024 yilning yanvar-sentyabr oylarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari 563,3 trillion so‘mni, yil yakuni bilan 790 trillion so‘mni tashkil etishi kutilayotgani qayd etildi. Shuningdek, ushbu davrda 2 ming 199 ta loyiha doirasida 64,2 trillion so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Natijada 5 milliard dollarlik import hajmlari optimallashtirilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar mamlakatimizda yengil sanoatni rivojlantirishga oid salmoqli ishlar amalga oshirilgani, jumladan, teri mahsulotlarining eksporti so‘nggi yetti yilda 40,2, oyoq kiyimlar eksporti esa 140,8 foizga oshganini alohida qayd etdi.
Shu bilan birga, 10 ta tumanda o‘tgan yilga nisbatan o‘sish taʼminlanmagani, yengil sanoat mahsulotlarining eksportini amalga oshirishda to‘liq imkoniyatlar ishga solinmayotgani tanqid qilindi.
Mahsulotlarning sifat ko‘rsatkichlari, zamonaviy dizayn va standartlariga alohida eʼtibor qaratilib, yangi bozorlar topish borasida ishlarni tizimli tashkil etish, Yevropaga GSP+ tizimi orqali eksport hajmini oshirishni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish lozimligi taʼkidlandi.
Deputatlar hududlarda sanoatni yana-da rivojlantirish, sanoat kooperatsiyalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator taklif va tavsiyalar bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122116 | Инструменты