Huawei 1
Yanvarda O‘zbekistonda ko‘plab tovar va xizmatlar narxi o‘sdi

Yanvar oyida mamlakatda ko‘plab tovar va xizmatlar narxi o‘sdi. Ayniqsa, xizmatlar yillik inflyatsiyasi ancha yuqori bo‘ldi. Bu haqda Statistika agentligi eʼlon qilgan tahlilda bayon etilgan.

2025-yil yanvarda O‘zbekistondagi oylik inflyatsiya 0,7 foizni, yillik inflyatsiya 9,9 foizni tashkil etdi (2024-yil mos davrida 8,6 foiz bo‘lgan).

O‘tgan oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari 0,8 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,3 foiz va xizmatlar 1,1 foiz qimmatlashgan.

Yanvarda bir yil mobaynidagi xizmatlar inflyatsiyasi kamida 15 yillik rekordlarni yangilab, 27 foizga yetgan. Oziq-ovqat mahsulotlari qiymati yillik hisobda 2,6 foiz, nooziq-ovqatlar 7,7 foiz oshgan.

Yanvar oyida quyidagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshgan:

  • Mol go‘shti — 1,1 foiz;
  • Qo‘y go‘shti — 1,2 foiz;
  • Kungaboqar yog‘i — 2,2 foiz;
  • Paxta yog‘i — 1,9 foiz;
  • Kartoshka — 23,9 foiz;
  • Piyoz — 3,4 foiz;
  • Sabzi — 2,9 foiz;
  • Bulg‘or qalampiri — 13,2 foiz;
  • Banan — 6,5 foiz;
  • Baqlajonda — 59,6 foiz.

O‘tgan oyda dori vositalari va tibbiyot mahsulotlari narxi 0,7 foizga ko‘tarildi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, yanvarda benzin respublika bo‘yicha o‘rtacha 1,5 foizga qimmatlashgan. Propan esa 13,2 foizga arzonlagan. Biroq birjada mazkur yonilg‘i narxi 20 foizdan ko‘proq oshgan (3-yanvar, 31-yanvar).

Oy davomida mamlakatda haydovchilikka tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari narxi o‘rtacha 12,5 foizga oshdi.

Yanvarda taʼlim sohasi xizmatlari ham sezilarli qimmatlashdi. Masalan, respublikada davlat bog‘chalariga oylik to‘lov miqdori o‘rtacha 21 foizga oshirildi. Xususiy bog‘chalardagi narxlar 1,1 foizga o‘sdi.

Davlat bog‘chalariga to‘lovlar yillik hisobda qariyb 45,2 foizga qimmatlashgan.

O‘tgan oyda repetitorlar xizmatlari narxlari 1 foiz, o‘quv kurslarida o‘qitish 2,1 foiz o‘sgan.

Yo‘lovchi tashish transporti narxi 0,5 foiz, tovarlarni tashish bo‘yicha xizmatlar 2,3 foizga oshgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21019 | Инструменты