Huawei 1
O'zbekistonda 1000 so'mlik tangalar muomalaga chiqariladi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2022-yilning 26-dekabridan boshlab nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan tanga ko‘rinishida pul belgilari muomalaga chiqarilishini ma’lum qildi.

Ushbu tangalar 2 xil rangdagi kombinasiyadan iborat bo‘lib, ichki aylanasi sariq rangli mis va latun, tashqi aylanasi kumush rangli nikel qotishmasidan tayyorlangan.

Qayd etilishicha, muomalaga chiqarilayotgan 1000 so‘mlik tanga ko‘rinishidagi pul belgilari bugungi kunda muomalada bo‘lgan 2001 yil namunasidagi 1000 so‘mlik banknotlar bilan bir qatorda (parallel ravishda) muomalada bo‘ladi ya'ni 1000 so‘mlik banknotlar ham to‘lov qobiliyatini yo‘qotmaydi.

Shuningdek, yangi ko‘rinishdagi ushbu pul belgilari ayni paytda muomalada bo‘lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholi tomonidan o‘z qiymati bo‘yicha barcha turdagi to‘lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.

Tanga diametri – 26,27 mm., ichki disk diametri – 17,6 mm., qalinligi – 1,6 mm., og‘irligi – 7,3 gr.

Tanganing old tomonida (avers) Toshkent shahrida bunyod etilayotgan “Islom sivilizasiyasi markazi”ning binosi tasvirlangan.

Tasvirning pastki qismida botiq holda tanga qiymati “1000” raqami va lotin bosma harflarida “so’m” so‘zi yozilgan.

Tanga orqa tomoni (revers) markazida O‘zbekiston Respublikasining Davlat Gerbi tasvirlangan. Gerbning tashqi aylanasi bo‘ylab bosma lotin harflarida aylanasimon ko‘rinishda “O’ZBEKISTON MARKAZIY BANKI” so‘zlari yozilgan.

Gerbning ostida tanga namunasi tasdiqlangan yil – “2022” raqami ko‘rsatilgan.

Tanganing yon qirrasi silliq ishlangan.

Eslatib o'tamiz, joriy yilning iyul oyida O’zbekistonda 1000 so‘mlik tanga muomalaga chiqarilishi rejalashtirilayotgani bo'yicha xabar bergandik. Shuningdek,15-iyuldan yangi ko‘rinishdagi nominal qiymati 200 000 so‘m bo‘lgan banknot shaklida pul belgilari muomalaga chiqarilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102301 | Инструменты