Bugun, 14-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo’lib o’tdi.
Unda deputatlar tomonidan “O'zbekiston Respublikasi bilan Qirg'iziston Respublikasi o'rtasida o'zbek-qirg'iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to'g'risidagi Shartnomani (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg'iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o'rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to'g'risidagi Bitimni (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihalari muhokama qilindi.
Ushbu masalalar bo'yicha Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat a'zolari ishtirok etib, qonun loyihalari yuzasidan axborot berildi.
Majlisda deputat Doniyor G‘aniyev O‘zbekiston tomonidan Qirg‘izistonga yoki Qirg‘izistondan O‘zbekistonga berilayotgan yer maydoni ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotganligini aytib, ushbu yer maydonlarining toifasi bo‘yicha maʼlumotlarga oydinlik kiritishni so‘radi.
Deputatning savoliga Abdulla Aripov tahliliy maʼlumotlar asosida javob qaytardi:
Qayd etilganidek, haqiqatdan ham, Internet tarmoqlarida tarqalgan maʼlumotda sizlar aytgandek tasdiqlanmagan raqamlar muhokama qilingan. Andijon suv ombori uchun Qirg‘izistonga Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidan 1 ming 19 gektar yaylov yer maydoni berilyapti. Albatta suv ombori maydoni 5 ming gektarga yaqin, qolgan yer maydonini qanday kompensatsiya qilindi degan tabiiy savol tug‘iladi.
Qolgan 4 ming gektardan ortiq yer maydonlari sobiq Ittifoq davrida (1970 yillarda) Andijon suv ombori uchun O‘zbekiston tomonidan kompensatsiya tariqasida berilgan. Arxiv hujjatlarini o‘rganish jarayonida maʼlum bo‘ldiki, sobiq Ittifoq davrida O‘zbekiston tomonidan 200 km dan ortiq Kampirobod chap qirg‘oq kanalini qurib berish majburiyati olingan. Afsuski, har xil sabablar bilan ushbu kanal qurilmasdan qolib ketgan. Aynan shu majburiyat bajarilmaganligi sababli, katta miqdordagi 8 mingdan 18 ming gektargacha bo‘lgan yer maydonlari o‘zlashtirilmasdan qolganligi Qirg‘iziston tomonidan uzoq yillar davomida taʼkidlab kelingan.
Agar “Andijon” suv omboridan Qirg‘izistonning Botken viloyatigacha ushbu kanal va qo‘shimcha gidrotexnik inshootlarni qurib beradigan bo‘lsak, respublikamiz byudjetidan ko‘p mablag‘ talab etiladi. Bundan tashqari, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi 20 dan ortiq aholi punktlarini ko‘chirishga majbur bo‘lamiz.
Eng achinarlisi, 2 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan yer maydonlarini yo‘qotishimiz mumkin edi. Shu bois, Namangan viloyatining Pop va Chust tumanlaridagi G‘ovasoy uchastkasidagi tog‘li hududdan 12 ming 700 gektar atrofida yaylov yer maydoni kompensatsiya tarzida berilishi taklif etilmoqda. Namangan viloyatidan saylangan deputatlarimizning xabari bor, taklif etilayotgan G‘ovasoy uchastkasining 6 ming gektari baxsli hudud bo‘lib, amalda Qirg‘iziston fuqarolari tomonidan foydalanib kelinmoqda. Hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, 8 ming gektardan ortiq o‘zlashtirilmagan qishloq xo‘jaligi yer maydoni uchun 12 ming 700 gektar yaylov maydonini taklif qilyapmiz.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, hozirda amaliyotda chegara bo‘yicha muxokamalarda o‘rtacha bir gektar ekin yeri uchun 2,5 barobar ko‘p yaylov yeri berish qo‘llab kelinmoqda. Taklif etilayotgan qonun loyihasida 19,5 ming gektar emas, balki 13 ming 719 gektar yaylov yer maydonlarini kompensatsiya tariqasida Qirg‘iziston tomoniga ajratilishi nazarda tutilmoqda (4 ming 127 gektari oldin berilgan).
Alpha version: 0.9.1.19 build 13005 | Инструменты