Prezident huzurida qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish bo'lib o'tmoqda.
Yuzaga kelgan vaziyat sohalar hamda hudud rahbarlarining bugungi kungacha qanday ishlaganini yaqqol ko‘rsatib qo‘ygani ta’kidlandi. Ayniqsa, Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga umuman tayyor emasligi keskin tanqid qilindi.
Shu bois, vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani uchun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etildi.
Shundan so'ng Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Raxmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Baxtiyor Rahmonov 1959-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 1981-yilda Kiyev muhandislik-qurilish institutini, 2000-yilda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
U ko‘p yillar davomida qator rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2018-yildan shu kunga qadar Toshkent shahar Olmazor tumani hokimi lavozimida ishlagan. 2021-yil 30-yanvar kuni Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
Ma'lumot o'rnida, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev qat’iy ogohlantirildi, Chirchiq shahar hokimiga “hayfsan” berildi. Bosh prokurorning o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan Erkin Yuldashev Toshkent shahar prokurori etib tayinlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82409 | Инструменты