O'zbekistonning Niderlandiyadagi elchisi etib tayinlangan (qarorgohi Bryussel shahrida joylashgan) G'ayrat Fozilov ushbu davlat Tashqi ishlar vazirligining Protokol va qabul qiluvchi mamlakat bilan aloqalar departamenti direktori Xansu Akerbumga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Tomonlar siyosiy-diplomatik, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi O'zbekiston va Niderlandiya o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning rivojlanib borayotgan dinamikasini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Joriy yilning aprel oyida Toshkent shahrida ikki davlat tashqi siyosat idoralari o'rtasida o'tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi yakunlari ijobiy baholandi va bu mexanizmni muntazam yo'lga qo'yish zarurligi ta'kidlandi.
Suhbat chog'ida ikki va ko'p tomonlama formatdagi kelgusi rejalar, turli darajadagi bo'lajak uchrashuv va tadbirlar jadvali yuzasidan ham fikr almashildi.
Xans Akerbum Protokol bo'limi elchixona faoliyatini, jumladan, O'zbekiston-Niderlandiya muloqotini mustahkamlashda har tomonlama yordam berishini tasdiqladi.
Eslatib o'tamiz, O'zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi missiyasi rahbari, elchi G'ayrat Fozilov 14-noyabr kuni Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishelga o'zining ishonch yorliqlarini topshirdi.
2024-yil 7-fevral kuni esa O'zbekiston elchisi G'ayrat Fozilovning Belgiyaliklar Qiroli Filippga ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo'lib o'tgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112218 | Инструменты