Shavkat Mirziyoyev turizmni rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish masalalari bo'yicha yig'ilish o'tkazdi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 yanvar kuni turizmni rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish masalalari bo'yicha yig'ilish o'tkazdi.
Bugungi kunda jahon turizm bozori hajmi qariyb 9 trillion dollarni tashkil etmoqda. Dunyoda ish bilan band aholining har o'ninchisi ushbu sohada faoliyat yuritmoqda.
Tahlillarga ko'ra, turistlar havo transportida uchish vaqti 5 soatgacha bo'lgan o'lkalarga eng ko'p sayohat qiladi. Mamlakatimiz atrofida bunday masofada 60 ga yaqin davlat, 3 milliard aholi bor. Yiliga ularning qariyb 360 millioni xorijga sayohat qiladi. Bu ulkan turizm bozori degani.
O'tgan yili yurtimizga 6,7 million nafar sayyoh kelgan. Diyorimiz 10 dan ortiq nufuzli xalqaro nashrlarda eng jozibali turistik maskan sifatida e'tirof etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o'tgan haftada o'zining Oliy Majlisga Murojaatnomasida turizmni iqtisodiyotning strategik tarmog'iga aylantirish ustuvor vazifa ekanini ta'kidladi.
Joriy yilda xorijdan keladigan sayyohlar sonini 7,5 millionga, 2022 yilda 10 millionga va 2025 yilda 12 millionga yetkazish rejalashtirilgan. Bu orqali turizm xizmatlari eksporti joriy yilda 1,5 milliard dollar, keyingi 5 yilda 3 milliard dollargacha oshiriladi.
Davlatimiz rahbarining sa'y-harakatlari, xususan, 2018 yil 7 fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori tufayli va yurtimiz aholisining farovonligi oshgani sayin ichki turizm ham kengayib bormoqda. Biroq, yig'ilishda ta'kidlanganidek, jahon standartlariga mos mehmonxonalar, malakali gidlar yetishmaydi.
Shu bois mehmonxonalarni joriy yilda 1 ming 700 taga, kelgusi 5 yilda 3 mingtagacha ko'paytirish kerak. Oilaviy mehmon uylarini ham 2 mingtaga yetkazish zarur.
Bular orqali turizm sohasida yiliga kamida 30 mingta yangi ish o'rni yaratish maqsad qilingan.
Tanqidiy tahlil ruhida o'tgan yig'ilishda ushbu natijalarga erishish uchun amalga oshirilishi zarur bo'lgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Sayyohlikning an'anaviy turlari qamrovini kengaytirish bilan birga yangi ko'rinishlarini ko'paytirish zarurligi ta'kidlandi.
Kardiologiya, urologiya, stomatologiya, oftalmologiya kabi yurtimiz yuqori salohiyatga ega bo'lgan tibbiyot yo'nalishlarida turizmni rivojlantirish, sog'lomlashtirish va dam olish maskanlariga strategik investorlarni jalb qilish bo'yicha topshiriqlar berildi. MDH davlatlari kasaba uyushmalari bilan yaqin aloqalarni yo'lga qo'yib, sayyohlar sonini keskin oshirish mumkinligi ko'rsatib o'tildi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi va Madaniyat vazirligiga turizm marshrutiga kiritilgan ob'ektlar sonini joriy yilda 800 taga, 2025 yilda esa 2,5 mingtaga yetkazish vazifasi qo'yildi.
Qishki turizmni rivojlantirish bo'yicha 2020-2025 yillarga mo'ljallangan investitsiya loyihalarini ishlab chiqib, amalga oshirish muhimligi ta'kidlandi.
Samolyot va poyezdlarimizda xizmat ko'rsatish sifati pastligi, chiptalar narxi esa qimmatligi yo'lovchilarning asosli e'tirozlariga sabab bo'lmoqda. Oqibatda ko'pchilik xorijiy tashuvchilar xizmatini tanlamoqda. Temir yo'l va avia yo'nalishlarimiz keng qamrovli va raqobatbardosh emasligi ko'rsatib o'tildi.
Transport vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasiga O'zbekistonning 4 aeroportida joriy etilgan “ochiq osmon” rejimidan to'liq foydalanish, yangi avia yo'nalishlar ochish, tezyurar poyezdlar sonini ko'paytirish, chiptalar narxini arzonlashtirish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.
Yo'lbo'yi turizm infratuzilmasini rivojlantirish, “turizm qishlog'i”, “turizm ovuli” va “turizm mahallasi” loyihalarini amalga oshirish masalalariga ham to'xtalib o'tildi.
O'tgan yili xorijiy kinokompaniyalar tomonidan mamlakatimizda 1,6 million dollarlik 6 ta badiiy film suratga olindi. Shunda xarajatlarning bir qismini O'zbekiston tomonidan qoplash tizimi yo'lga qo'yilsa, bu madaniyat turizmi rivojiga katta turtki berishi bilan birga o'lkamizning xalqaro maydonda targ'ibotiga ham hissa qo'shadi.
“O'zbekkino” milliy agentligiga xorijiy kinokompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yurtimizda suratga olish mexanizmlarini joriy etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Turizm sohasida kadrlar masalasiga e'tibor qaratilar ekan, 20 ta oliy ta'lim muassasasida hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasiga biriktirilgan 3 ta texnikum va 9 ta kollejda ishchi kasblar tayyorlash tizimini joriy etish bo'yicha hali ko'p muammolar o'z yechimini topmagani ko'rsatib o'tildi. O'quv jarayonida ilg'or tajribalarni joriy etish bo'yicha vazifalar belgilandi.
Yig'ilishda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 24 yanvarda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni sohaning kelgusi rivojiga asos yaratdi.
Farmonda barcha tuman va shaharlarni kamida 3 ta sport turiga ixtisoslashtirish orqali katta sportga sifatli zaxira shakllantirish tizimini yo'lga qo'yish chora-tadbirlari belgilandi.
Bu yil 269 ta futbol, voleybol, basketbol va badminton maydonlari, 178 ta boks, kurash, fitnes va gimnastika sport zallari, 32 ta tennis korti qurish vazifasi qo'yilib, uning moliyaviy manbalari hal qilib berildi.
Yig'ilishda mazkur farmonda belgilangan vazifalar ijrosi bilan bog'liq masalalar ko'rib chiqildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga har bir tuman kesimida tashabbuskorlarni aniqlab, Qurilish vazirligi bilan birgalikda arzon va energiya tejamkor sport inshootlari qurish bo'yicha namunali loyihalarni tayyorlash topshirildi.
Sport va jismoniy tarbiya bilan muntazam shug'ullanadigan aholining umumiy sonini joriy yilda 18 foizga, 2025 yilda esa 30 foizga yetkazish, shuningdek, 7 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan yoshlarning kamida 30 foizini ommaviy sportga jalb qilish kerakligi ta'kidlandi.
Mamlakatimizda jahon hamda qit'a chempionatlari va boshqa nufuzli xalqaro sport musobaqalarini o'tkazish orqali sport turizmini rivojlantirish lozimligi ko'rsatib o'tildi.
Milliy sport turlari, xususan, kurashni yanada rivojlantirish, uni Olimpiya o'yinlari dasturlariga kiritish muhimligi qayd etildi.
Yig'ilishda joriy yilda Tokioda bo'lib o'tadigan Olimpiya va Paralimpiya o'yinlariga tayyorgarlik masalasiga alohida e'tibor qaratildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111611 | Инструменты