Huawei 1
Toshkent shahrida O‘zbekiston – Qirg‘iziston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahrida O‘zbekiston – Qirg‘iziston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakat vazirlik, idoralari, tarmoq birlashmalari, viloyat hokimliklari rahbarlari hamda 350 dan ziyod ishbilarmon doira vakili ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ikki davlat rahbarlarining samimiy munosabati tufayli ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmida o‘sish kuzatilgani qayd etildi – o‘tgan yil yakuniga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich 1 milliard dollarga yetdi. Tovar aylanmasi yanada oshishini ta’minlash uchun tayyor to‘qimachilik, oziq-ovqat, yelaim, poyabzal, o‘g‘it, qurilish, maishiy texnika va farmatsevtika mahsulotlari, axborot texnologiyalari xizmati, qoramol va mayda chorva mollari, ko‘mir, oziq-ovqat va boshqa talabgir tovarlar yetkazib berishni o‘zaro ko‘paytirish choralarini ko‘rish muhimligi ma’qullandi.

Muloqot chog‘ida keyingi yillarda investitsiya va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlik faollashgani alohida qayd etildi. Bugungi kunda yurtimizda ushbu qardosh davlat kapitali ishtirokida 280 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda muhim o‘rin egallagan O‘zbekiston – Qirg‘iziston Taraqqiyot jamg‘armasi ko‘magida 186 million dollarlik 33 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Respublikada tadbirkorlarga ko‘plab qulayliklar yaratilgani, jumladan qonunchilik liberallashtirilgani, soliq va bojxona ohalarida imtiyoz, preferensiyalar joriy qilingani, turli hududlarda 25 ta erkin iqtisodiy zona tashkil etilgani e’tirof etildi.

Forum davomida, shuningdek, o‘rta va kichik biznesni rivojlantiruvchi omillar – hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, chegara hududlarida maishiy texnika, dori-darmon, mebel, qurilish materiallari, poyabzal, charm mahsulotlari ishlab chiqaradigan qo‘shma korxonalar tashkil qilish borasida fikr almashildi.

Shu nuqtayi nazardan hududlar delegatsiyalari o‘zaro tashriflari amaliyotini yo‘lga qo‘yish, forum, ko‘rgazma, davra suhbatlari va B2B formatida uchrashuvlar, shuningdek madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazish taklifi ma’qullandi.

Qirg‘iziston tomoni tovar ayirboshlash va sarmoyaviy hamkorlikdagi barqaror o‘sish sur’atini yuqori baholadi. Bu darayonda transport-logistika, energetika sohasidagi yangi loyihalarni hayotga tatbiq qilish, savdo vakolatxonalari faoliyatini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.

Muzokaralar davomida tadbirkorlar ko‘plab yangi sheriklar bilan foydali aloqa o‘rnatib, amalga oshirilajak loyihalarning o‘ziga xos jihatlarini muhokama qilib oldilar.

Anjuman yakunida oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, logistika markazi tashkil etish, chiqindini qayta ishlash, birgalikda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va ko‘mir yetkazib berish, axborot texnologiyalari, elektrotexnika va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha 20 ta bitim, memorandum va savdo shartnomalari imzolandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91423 | Инструменты