Huawei 1
1-iyuldan ayrim kompaniyalarga to‘lov tizimlariga ulanish majburiy bo‘ladi

Prezidentning 2024-yil 4-martdagi PQ-109-son qarori bilan tasdiqlangan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasining 59-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida, Strategik islohotlar agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda elektron to‘lov tizimlari xizmatlaridan foydalanishni kengaytirishga doir takliflar ishlab chiqildi.

Joriy yilning 26-fevral kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Elektron to‘lov tizimlari xizmatlaridan foydalanishni kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Mazkur qarorga muvofiq, 2025-yil 1-iyuldan boshlab aholi uchun xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari, gaz va neft mahsulotlarini realizatsiya qiluvchi hamda mulkni ijaraga beruvchi yuridik shaxslar majburiy tartibda elektron to‘lov tizimlariga ulanadi va to‘lovlarni ular orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.

Elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lovlarni qabul qilishdan bosh tortish soliq qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Strategik islohotlar agentligi Hukumatning iqtisodiy bloki va Markaziy bank bilan hamkorlikda 2025–2030-yillarda elektron to‘lovlar ulushini oshirish bo‘yicha Kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi va e’lon qiladi.

Maqsad – o‘tgan yilning 20-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida e’lon qilingan strategik vazifa – onlayn to‘lovlar ulushini 60 foizga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilashdan iborat.

Mazkur qarorning qabul qilinishi mamlakat to‘lov infratuzilmasini modernizatsiya qilish, moliyaviy operatsiyalarning shaffofligini oshirish va aholi hamda biznes uchun qulay shart-sharoit yaratish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30910 | Инструменты