Huawei 1
Shaxmat: Yoshlarimiz jahon chempionatida yangi g‘alabalar poydevorini mustahkamladi

Chernogoriyaning Petrovas shahrida 20 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.

O‘n ikki kun davomida shiddatli kurashlarga boy kechgan chempionat sarhisobiga ko‘ra, 20 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida 2025 yilning eng nomdor erkak va ayol shaxmatchilari nomi maʼlum bo‘ldi.

60 dan ziyod davlatning jahon chempionligiga daʼvogar shaxmatchilari ishtirok etgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining 11 nafar aʼzosi bahslarda o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazdi.

Chempionatning erkaklar musobaqasida 58 ta davlatning 150 nafar, ayollar o‘rtasidagi bahslarida 49 ta davlatning 98 nafar shaxmatchisi dona surgan bo‘lsa, yurtimizning 6 nafar yigit va 5 nafar shaxmatchi qizlari vatanimiz sharafini himoya qildi.

Kecha o‘tkazilgan jahon chempionatining so‘nggi 11-tur o‘yinlari shaxmatchilarning qaysi o‘rinlardan joy olishiga oydinlik kiritdi.

Ortda qolgan murosasiz kurashlar sarhisobiga ko‘ra, erkaklar musobaqasida hindistonlik Pranav 11 ta turning 7 tasida g‘alaba, 4 tasida durang natija qayd etib, 8,5 ochko jamg‘argan holda jahon chempionligiga erishdi. Qizig‘i, 2025 yilning yangi jahon chempioni o‘tkazilgan o‘yinlarning birontasida hamyurtlarimiz bilan ro‘baro‘ kelmadi.

Terma jamoamiz aʼzolaridan Humoyun Bekmuratov 7 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 21-o‘rinni egalladi. Shuningdek, Muhammadzohid Suyarov 6 ochko bilan 33, Miraziz Matyoqubov 43, Asrorjon Omonov 76, Oriyat Obidjonov 114-pog‘onadan joy oldi. Terma jamoamiz aʼzosi Muhiddin Madaminov chempionat yarmida o‘z ishtirokini yakunladi.

Shaxmatchi qizlar musobaqasida FIDE bayrog‘i ostida ishtirok etgan rossiyalik Anna Shuxman 9 ochko bilan jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Shuxman 9-turgacha kuchlilar qatorida kelayotgan hamyurtimiz Umida Omonovani aynan ushbu turda mag‘lubiyatga uchratgani musobaqada tub burilish nuqtasi bo‘lganini taʼkidlamoq kerak.

Bahslarda ishtirok etgan terma jamoamiz aʼzolaridan Afruza Hamdamova 7.5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 8-o‘rinni, Guldona Karimova 7 ochko bilan 15, Umida Omonova 31, Barchinoy Shokirjonova va Nilufar Imomqo‘ziyeva 47-48-qatorlarni band etishdi.  

Chempionat yakunlandi. Dunyo miqyosida 20 yoshgacha bo‘lgan mahoratli shaxmatchilarning yangi avlodi nomi maʼlum bo‘ldi.

Biz uchun eʼtiborlisi, Chernogoriya musobaqalari yoshlarimiz uchun katta mashg‘ulot va tajriba maydoni bo‘ldi. Shaxmatchilarimizdan Humoyun Bekmuratov va Miraziz Matyoqubovning raqiblaridan ancha yosh bo‘lishiga qaramay ishonchli o‘yin namoyish etgani yangi g‘alabalar poydevorini mustahkamlashdan darak bermoqda.

Shaxmatchi qizlarimizning natijalari, ayniqsa, 2023-2024 yillar 14 va 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar orasida jahon chempionligiga erishgan Afruza Hamdamovaning o‘zidan ancha tajribalilarni mag‘lub etgani, Umida Omonovaning yangicha shiddat bilan o‘zini ko‘rsatgani, Durdona Karimova, Barchinoy Shokirjonova va Nilufar Imomqo‘ziyevalarning har bir turda o‘ziga xos o‘yin taktikasini namoyish etgani o‘zbek shaxmati yuksalishlar ostonasida ekanini anglatmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30917 | Инструменты