Vazirlar Mahkamasining 11-mart kungi qarori bilan Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish tartibi tasdiqlandi.
Jamg‘arma “Kambag‘al oilalar reyestri”dagi oila a’zolarining bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etishga ko‘maklashish uchun ularga hamda ular bandligiga yordam beruvchi yuridik va jismoniy shaxslarga subsidiya, grant va ssudalar ajratishga qaratilgan.
Hukumat qaroriga ko‘ra, 2025-yilning 1-oktabridan jamg‘arma mablag‘lari hisobidan fuqarolarga naqd pul shaklida beriladigan mablag‘lar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi.
Yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, sug‘orish vositalari, urug‘liklar va ko‘chatlar xarid qilish uchun subsidiyalar “Jamg‘arma-tashkilot-talabgor” o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida ajratiladi.
Bunda aholiga quyidagilar uchun subsidiya beriladi:
— yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun — BHMning 30 baravarigacha (11,25 mln so‘m);
— sug‘orish vositalari xaridi uchun — BHMning 10 baravarigacha (3,75 mln so‘m);
— urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun — BHMning 3 baravarigacha (1,125 mln so‘m).
Talabgor subsidiya olish uchun o‘zining doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisi yoki Yagona portal hamda “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali murojaat qilishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31600 | Инструменты