Huawei 1
Senatning navbatdagi yalpi majlisi qachon bo‘lishi ma’lum qilindi

Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Unda Senatning beshinchi yalpi majlisini 2025 yil 17 mart kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Taʼkidlanganidek, yalpi majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladi. Unda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari oldida turgan vazifalar ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, Suv kodeksini tasdiqlash, qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish, kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yana-da takomillashtirishga oid muhim qonunlar muhokama qilinadi.

Senatorlar tomonidan zargarlik sanoatini yana-da rivojlantirish va yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga hamda jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonunlar ham ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, yalpi majlisda sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga, qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqqa solish hollarining oldini olishga qaratilgan qonunlarni ham muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

Yalpi majlis kun tartibi doirasida Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilning (ombudsmanning) va Bola huquqlari bo‘yicha vakilining (Bolalar ombudsmanining) 2024 yildagi faoliyati bo‘yicha maʼruzalari eshitiladi.

Shuningdek, bir qator xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilishga doir, o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari bilan bog‘liq masalalar ham yalpi majlis kun tartibidan o‘rin olgan.

Yalpi majlisda ko‘riladigan masalalar mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning bosh mezoni – Inson qadri hamda huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy asoslarini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31601 | Инструменты