Huawei 1
"O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" turkumidagi 50 jildlik kitob-albomlar AQSh Kongressi kutubxonasiga topshirildi

 AQSh Kongressi kutubxonasida "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" turkumidagi 50 jildlik kitob-albomlarni topshirish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir avvalida mazkur to'plamning yaratilishi mamlakatimizda O'zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish borasidagi sa'y-harakatlarning hayotga tatbiq etilishining yorqin namunasi ekanligi ta'kidlandi.

Davlat rahbarining ushbu sohadagi siyosati madaniy merosimizni saqlash, rivojlantirish va albatta, uni butun dunyoga tanitishga qaratilgani alohida urg'ulandi.

Qayd etilganidek, mazkur kitob-albomlarda dunyoning turli davlatlari muzeylarida va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan O'zbekistonga oid san'at asarlari haqidagi ma'lumotlar jamlangani va u madaniy merosimizni o'rganish, saqlash hamda kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Kongress kutubxonasining Yaqin Sharq bo'yicha bo'limi rahbari Joan Uiks o'z ma'ruzasida, O'zbekiston madaniy merosining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan ulkan hissasiga e'tibor qaratib, ushbu yo'nalishdagi sa'y-harakatlar xalqaro hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishini aytib o'tdi.

"Kongress kutubxonasiga topshirilgan ushbu noyob to'plam kelajakda tadqiqotchilar va olimlar uchun qimmatli manba bo'lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, kitoblar jamlanmasi AQSh jamoatchiligi va ilmiy doiralari uchun O'zbekistonning boy madaniy merosini chuqurroq o'rganishga keng imkoniyat taqdim etadi", dedi u.

AQSh Kongressi kutubxonasiga 1800-yilda asos solingan.

U dunyodagi eng yirik kutubxonalardan biri hisoblanadi. Kutubxonalarda 170 milliondan ortiq nashrlar, jumladan, kitoblar, qo'lyozmalar, xaritalar, fotosuratlar va audioyozuvlar saqlanadi. Majmua AQSh Kongressining ilmiy-tadqiqot qismi va Qo'shma Shtatlarning milliy kutubxonasi hisoblanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30700 | Инструменты