AOKA Qoraqalpog'istondagi jurnalistlar bilan bog'liq vaziyat bo'yicha Bosh prokuratura va Vazirlar Kengashiga yozma murojaat yubordi
Shu kunlarda bir qator OAV va ijtimoiy tarmoqlarda “Repost.uz” nashri ma'lumotiga tayanib, Qoraqalpog'iston Jo'qorg'i Kengesi Raisi M.T.Yerniyazovning vafoti haqida noto'g'ri axborot tarqatgan Makan.uz, Kruz.uz internet nashrlari hamda Kar24.uz veb-sayti xodimlari Qoraqalpog'iston prokuraturasi tomonidan tungi soat 1:00da uyidan olib ketilib, tushuntirish xati yozishga majbur qilingani hamda noutbuk va mobil telefonlari olib qo'yilgani to'g'risida xabarlar tarqaldi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori birinchi o'rinbosari Dilshod Saidjonov mazkur vaziyat bo'yicha izoh berdi.
"Agentlik o'z vakolati doirasida ushbu vaziyatni o'rganib chiqib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga yozma murojaat yubordi.
Mazkur murojaatda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 10, 14-moddalari, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 88-moddasi talablarini chetlab o'tishgani alohida qayd etilib, jurnalistlarni so'roq qilish zarurati paydo bo'lganda JPKning 97-moddasiga asosan dastlab chaqiruv qog'ozi yuborish tartibotiga amal qilish so'raldi.
Shuni ham alohida ta'kidlashni istardikki, Makan.uz, Kruz.uz va Repost.uz (xaker hujumiga uchraganligi o'rganilmoqda) Internet-OAVlari amaldagi qonunchilikka muvofiq e'lon qilinayotgan axborotning to'g'riligini tekshirib ko'rmasdan qonunga zid harakat qilishgan. “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasida OAV o'zi tarqatayotgan axborotning haqqoniyligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda javobgar ekani belgilangan. Shuning uchun Agentlik ularga tegishli taqdimnomalar jo'natdi.
Jurnalistlarga nisbatan o'tkaziladigan har qanday tazyiq yoki bosim O'zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati hamda so'z erkinligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga mutlaqo to'g'ri kelmaydi. Yuqoridagi kabi holatlarning sodir bo'lishi O'zbekistonning xalqaro imijiga putur yetkazishi hamda davlat organlariga nisbatan ishonchsiz munosabatlar vujudga kelishiga ham sabab bo'lishi mumkin.
Shuning uchun, davlat organlari ham, OAV va blogerlar ham axborot sohasidagi qonunchilikka bo'ysunishi shart, tomonlar o'rtasida paydo bo'ladigan har qanday nizoli vaziyat mavjud qonunlar, shuningdek, sud tizimi doirasida hal qilinishi zarur".
Alpha version: 0.9.1.19 build 32001 | Инструменты