Attestatsiyada 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglarga bazaviy tarif stavkasining 70 foiz miqdorida ustama belgilanadi. Bu haqda AOKAda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida maʼlumot berildi:
Bunda qo‘shimcha ustama faqat malaka sinovida (ikkala bosqichda) ishtirok etib, oliy va birinchi malaka toifasiga erishgan (yoki saqlagan) pedagoglarga ikki yil davomida beriladi.
Joriy yildan boshlab davlat maktabgacha va umumtaʼlim tashkilotlarining psixolog kadrlari ham attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmagan, attestatsiyadan o‘tganlik muddati tugagan va amaldagi malaka toifasi saqlanib qolgan quyidagi pedagoglar 2025 yil 1 sentyabrga qadar majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi hamda ularga amaldagi malaka toifasi bo‘yicha haq to‘lanadi:
— oliy malaka toifasiga ega bo‘lganidan so‘ng ushbu toifani 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan;
— pedagogik faoliyat bo‘yicha 25 yil va undan ko‘p ish stajiga ega bo‘lgan;
— yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt qolgan;
— pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan pensiya yoshiga to‘lgan.
Shuningdek, quyidagi talablardan biriga javob beradigan pedagoglarga belgilangan muddatga qadar to‘g‘ridan-to‘g‘ri malaka toifasi beriladi:
— pedagogik faoliyat bo‘yicha 25 yil va undan ko‘p ish stajiga ega bo‘lgan;
— yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt qolgan pedagoglarga – ularning amaldagi malaka toifasi;
— oliy malaka toifasiga ega bo‘lganidan so‘ng ushbu toifani 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan pedagoglarga – oliy malaka toifasi.
2025-2026 o‘quv yilidan boshlab taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fani pedagoglari, pensiya yoshidagi pedagoglar hamda oliy maʼlumotga ega bo‘lmagan pedagoglar belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30100 | Инструменты