3 fevral kuni Bosh prokuratura Toshkent shahri Shayxontohur tumanida hokim yordamchisi 427,7 mln so‘mni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgani haqida axborot bergan edi. 4 fevral kuni esa Toshkent shahar hokimligi bunga raddiya berib, hokim yordamchisi o‘tgan yilning noyabr oyida o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etilganini bildirdi.
Bosh prokuratura esa bu xabar yuzasidan yana munosabat bildirib, M.F. aynan hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan davrida muqaddam e’lon qilingan xabardagi qilmishlarni sodir etganini bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, M.F. 2022 yilning 7 oktyabr kunidan 2024 yilning 29 noyabr kuniga qadar Shayxontohur tumani "Kamolon Darvoza" mahalla fuqarolar yig‘inining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan. Uning egallab turgan lavozimidan ozod qilinishi to‘g‘risidagi tuman hokimining tegishli qarori esa 2024 yil 14 dekabrda qabul qilingan.
"Axborot haqqoniy va xolis bo‘lishi zarur!" deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.
Avvalroq Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining hokim yordamchisi fuqarodan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani xabar qilingandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20420 | Инструменты