Huawei 1
Shveysariyada suyak yemirilishini davolaydigan gel ishlab chiqildi

Inson organizmida ikki turdagi hujayralar o‘rtasida muvozanat buzilganda osteoporoz rivojlanadi: suyaklarni shakllantiruvchi osteoblastlar va ularni parchalovchi osteoklastlar. Osteoklastlar skelet tuzilishini o‘zgartirib, uning mustahkamlanishiga yordam beradi. Biroq osteoklastlar soni osteoblastlardan oshib ketganda, suyak to‘qimasi yo‘qola boshlaydi. Natijada suyaklar mo‘rtlashib, zaiflashadi.

Hozirgi kunda ushbu kasallikni davolash uchun eski suyak to‘qimasining yemirilishini sekinlashtiradigan yoki yangi suyak to‘qimasining shakllanishini tezlashtiradigan dori vositalari qo‘llanadi. Ammo bunday dorilarning ta’siri faqat 12 oydan so‘ng namoyon bo‘lishi mumkin. Bu davrda bemor jiddiy jarohatlar olishi xavfi bor. Shuningdek, dorilarining nojo‘ya ta’sirlari bo‘lishi ham mumkin, ba’zi odamlarga esa ular umuman ta’sir qilmaydi.

Muammoni hal qilish uchun Shveysariyaning EPFL universiteti olimlari maxsus gidrogel yaratdi, deb xabar bermoqda New Atlas. Bu modda tarkibida organizmning biriktiruvchi to‘qimasi tomonidan ishlab chiqariladigan gialuron kislotasi hamda suyaklarning asosiy qurilish materiali hisoblanadigan gidroksiapatit nanozarrachalari mavjud.

Laboratoriya sinovlarida gel suyak massasini yo‘qotayotgan kalamushlarga yuborildi. 2-4 hafta ichidayoq inʼeksiya qilingan joylardagi suyak to‘qimasining zichligi 2-3 barobar oshdi. Yana bir guruh kalamushlarda esa avvaliga suyak to‘qimasi hosil bo‘lishini rag‘batlantiradigan standart gormonal muolaja o‘tkazildi. So‘ng ularga suyaklarning yemirilishini sekinlashtiradigan preparat bilan aralashtirilgan gidrogel yuborildi. Natijada ushbu hayvonlarda suyak to‘qimasining zichligi 4,8 barobarga oshdi.

Bunday yondashuvda gormonlarning salbiy ta’siri saqlanib qolishi mumkin bo‘lsa-da, muolaja eski davolash usuliga nisbatan ancha qisqa muddatda samara beradi. Gel nazorat organlari tomonidan tasdiqlansa, olimlar uni odamlarda sinab ko‘rishni rejalashtirmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20418 | Инструменты