Toshkent viloyatidagi Bo'zsuv kanali qora rangga bo'yaldi. Ekologiya boshqarmasi mutaxassislari buning sababini aniqlashdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘zsuv kanalining Zangiota tumani “Tokzor” MFY hududidan o‘tgan qismiga zaharli kanalizatsiya suvlari oqizilayotgani to‘g‘risida videomurojaat e'lon qilindi. Holat yuzasidan Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi tomonidan tezkor o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish jarayoniga ekologik mobil laboratoriya ham jalb qilinib, Toshkent viloyatidagi Bo‘zsuv kanaliga tashlanayotgan oqova suvlardan, kanalning 500 metr tepa va past qismlaridan tahlil uchun namunalar olindi. Unda suvning qora rangda ekanligi to‘qimachilik korxonalarida ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan rangli oqova suvlar bilan bog‘liq ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, “Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasi”ning texnologik jarayonlari ko‘zdan kechirildi hamda ushbu tozalash inshootiga muntazam ravishda me’yordan ortiq ifloslangan moddalar va rangli eritmalar tashlab kelayotgan 7 ta to‘qimachilik va 2 ta qog‘ozni qayta ishlovchi korxonalar ro‘yxati shakllantirildi.
"Endilikda har bir korxona faoliyatini tekshirish yuzasidan Biznes-Ombudsmanga buyurtmalar kiritilib, belgilangan tartibda ekologik nazorat o‘rganish ishlari olib boriladi. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi", - deyiladi xabarda.
Avvalroq, Chirchiq daryosiga rangli eritmalar bilan ifloslangan oqova suvlar tashlanayotgani aniqlangani haqida xabar bergan edik.
Bundan tashqari, Toshkentda ariqqa 30 dan ortiq mushuklarning jasadi hamda shilib olingan terilari tashlab ketilgani xabar qilingandi. Keyinchalik, shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan o’rganish ishlari olib borilib, u yerdan 30 ta emas, 1 dona mushuk jasadi hamda 1 bosh qoramol terisi borligi aniqlangandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10812 | Инструменты