Andijon shahridagi 3-kichik daha 1-uyda yashovchi fuqarolar bolalar maydonchasiga mo‘ljallangan yerda noma’lum tadbirkor tomonidan 7 qavatli uy qurilayotgani haqida Andijon viloyati hokimligiga murojaat qilgan. Hokimlik holat nazoratga olinganini ma'lum qilgan.
Aholi ularning roziligini olmay noqonuniy qurilish bo‘layotgani haqida bir necha marotaba hokimlikka arz qilgan. Quruvchi tashkilot 19-noyabr kuni ichimlik suvi tarmog‘i quvuriga zarar yetkazgan va buning natijasida daha suvsiz qolgan. Mahalla ahli hokimlikka yana o‘z etirozlarini bildirgan.
Andijon viloyati hokimining matbuot kotibining maʼlum qilishicha, murojaatdan so‘ng viloyat rahbari ko‘rsatmasiga asosan, ichimlik suvi bo‘yicha nosozlikni bartaraf etish uchun ish jarayoni tashkil etilgan va qurilish jarayoni yaqindan o‘rganilgan.
“Qurilish ishlarida bir nechta holatlar bo‘yicha xatoliklar aniqlanib, jumladan, tegishli qarorga to‘liq rioya etilmagani, maydon uy-joy qurish uchun ajratilmagani, kadastr ro‘yxatidan o‘tkazishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, eng asosiysi, mahalliy aholiga ushbu qurilish noqulaylik tug‘dirayotgani sababli, qurilish jarayoni to‘xtatildi”, — deyiladi matbuot kotibi axborotida.
Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Maxamadjon Nishonov norozi aholi bilan yarim tunda uchrashgan. U qurilishga ruxsat berish jarayonida xatolikka yo‘l qo‘ygani uchun odamlardan uzr so‘ragan.
“Hujjatni qilib berganmiz, lekin bu bizni xatomiz. Mahallaning avvalgi raisi “Hamma rozi, odamlar rosa xursand bo‘ladi”, degandi. Bu meni xatom. Viloyatimiz hokimi odamlarni norozi qilib ish qil demaydi. Menga topshiriq bergan: borib, o‘rganib, o‘sha yerda ishlar qonuniy bo‘lsa, qildirib bering degan. O‘tgan safar kelganimda sizlar norozi bo‘lganlaringizda, bo‘ldi, sizlar norozi bo‘lsanglar, qurilish bo‘lmaydi, deb ketganman. Ming marta uzr so‘rayman. Agar sizlar rozi bo‘lmasalaring qurilish bo‘lmaydi”, degan Maxamadjon Nishonov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103013 | Инструменты