Huawei 1
Deputatlar "Kosmik faoliyat to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan kosmik faoliyatning prinsiplari, davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, soha uchun masʼul organlar, ularning vakolatlari o‘zaro taqsimlanib, vazifalari aniq belgilab berilmoqda.

Jumladan, kosmik sohada teng huquqli va o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlik qilish, kosmik faoliyatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash va uni rag‘batlantirish, kosmik texnologiyalardan foydalangan holda sohalar shaffofligi va raqamlashtirish darajasini oshirishga ko‘maklashish tamoyillari nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, mudofaa qobiliyati va xavfsizligini mustahkamlashga ko‘maklashish hamda iqtisodiy tarmoqlarning raqamlashtirilishini jadallashtirish kosmik faoliyatning asosiy maqsadlaridan biri etib belgilanmoqda.

Bundan tashqari, quyidagilar kosmik sohada davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanmoqda:

— kosmik xizmatlarning milliy bozorini yaratish va rivojlantirish;

— kosmik obyektlarni yaratish hamda ulardan foydalanish;

— sohada malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini rivojlantirish;

— yerni kosmik apparatlar orqali zondlash, sohalarda kosmik monitoringni amalga oshirish.

Kosmik faoliyatni amalga oshirishda odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita tahdid yaratish, ommaviy qirg‘in qurolini kosmik fazoga chiqarish, kosmosga joylashtirish yoki bunday qurollarni sinovdan o‘tkazish, atrof-muhitga salbiy taʼsir ko‘rsatish uchun kosmik texnologiyalardan va (yoki) osmon jismlaridan foydalanish hamda fazoni ifloslantirish bo‘yicha xalqaro normalar va standartlarni buzish qatʼiyan man qilinmoqda.

Kosmik obyektning uchirilishi natijasida odamlar yoki hayvonlar nobud bo‘lsa, shuningdek, fuqarolar va atrof-muhitga zarar yetkazilsa, kosmik faoliyat subyektlariga yetkazilgan zarar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida belgilangan tartibda qoplanishi shartligi belgilanmoqda.

Qonun loyihasi kosmik sohani tartibga solishga va unga huquqiy maqom berishga, kosmik faoliyat natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni boshqarishga, atrof-muhitni muhofaza qilishga, tinchlik va xavfsizlikni saqlash kabi masalalar hal etilishiga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidanbirinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100522 | Инструменты