Parlament faoliyatida yutuqlar bilan birga eʼtibordan chetda qolgan masalalar ham bo‘lgani qayd etildi. Prezident ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlar ulushi kamligicha qolmoqda. Parlament nazorati to‘laqonli taʼsirchan institutga aylandi, deb hozircha aytib bo‘lmaydi, parlament va deputatlik nazorati ijtimoiy soha bilan cheklanib qolmoqda.
Deputatlarning saylov okrugidagi faoliyati asosan uchrashuvlar tashkil etish, shikoyat va savollarga rasmiy javob berishdan iborat bo‘lib qolmoqda. Misol uchun, islohotlarning muhim qismi bo‘lgan kambag‘allikni qisqartirish masalasida deputatlarimiz hali o‘z o‘rnini topa olgani yo‘q.
So‘nggi yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va mintaqa doirasida bir qator yirik tashabbuslar ilgari surildi. Ana shu tashabbuslarning mohiyati va ahamiyatini xalqimizga yetkazishda deputatlarda, afsuski, faollik yetishmayapti.
Davlatimiz rahbari quyi palataning yangi tarkibi qayd etilgan masalalar bo‘yicha yangicha ishlashiga umid bildirdi.
Kelgusi besh yilda Qonunchilik palatasi oldida g‘oyat ulkan vazifalar turgani taʼkidlandi.
Quyi palatadagi 12 ta qo‘mita o‘rnida 10 ta yangilangan qo‘mita tashkil qilindi. Ilk bor parlamentimizda Tadbirkorlik, raqobat va sanoat qo‘mitasi tuzilgani yurtimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Endi palatadagi qo‘mitalar aʼzolari bilim va tajribasini tinimsiz oshirib, masʼuliyatni chuqur his etib, yana-da ko‘proq mehnat qilishlari lozimligi, puxta bilim, professional malaka, yuksak fazilat va tafakkurga ega bo‘lgan deputatgina quruq gap va populizmdan yiroq bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.
Har bir qo‘mita qoshida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilsa, yaxshi samara berishga ishonch bildirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111816 | Инструменты