Prezident Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida nutq soʻzlamoqda. Yangilangan Konstitutsiyaga ko‘ra, Davlat byudjeti ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga kiradi. Bu muhim vakolat deputatlarimiz zimmasiga katta masʼuliyat ham yuklaydi.
Birinchi galda palataning Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish mexanizmlarini yana-da kuchaytirishning vaqti-soati kelgani taʼkidlandi.
Jumladan, Hukumatning davlat byudjetiga doir barcha hisobotlarini palataga faqat Byudjet kodeksida belgilangan audit xulosasi bilan birgalikda kiritish amaliyotiga o‘tish kerak.
Bundan tashqari, davlat byudjeti ijrosini nazorat qilishda parlament qo‘mitalari rolini oshirish ham muhim ahamiyatga ega.
Hozirgi vaqtda birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning xarajatlari ustidan parlament nazorati deyarli sezilmayotgani, yangi saylangan deputatlar ushbu masalaga alohida yondashishlari zarurligi qayd etildi.
Joylarda aholi farovonligini oshirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqishda parlamentning faol ishtirok etishi muhim.
Masalan, bu yil hududlarni rivojlantirish, ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini qurish, mahallalarni obod qilish bo‘yicha investitsiya dasturlariga 30 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.
Biroq, ana shu dasturni qabul qilishda qaysi deputat qatnashdi, uning ijrosi bo‘yicha kimdan hisobot talab qildi, degan savollar ochiq qolmoqda.
Shu munosabat bilan Prezident investitsiya dasturlarini tayyorlashda deputatlar ham albatta ishtirok etadigan, ularning fikri inobatga olinadigan tizim yaratish tashabbusini ilgari surdi.
Bundan tashqari, tuman va shaharlarning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish maqsadida kelgusi yildan yer, mol-mulk va aylanma soliqlarini to‘liq, daromad solig‘ining esa kamida 50 foizini tuman va shaharning o‘zida qoldirish taklif etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111816 | Инструменты