Prezident taʼkidlaganidek, parlament qo‘mitalari vazirliklar bilan ishlashda ular bilan yaqindan hamkorlik qilishga ahamiyat bersa, ayni muddao bo‘ladi.
Eng katta kamchilik – vazirliklar quyi bo‘g‘inda, ayniqsa, tuman va shahar darajasida samarali ish tashkil eta olmayapti. Endi aholi bilan bevosita muloqot qilib, odamlarni qiynayotgan muammolarni joyida hal etish ular uchun bosh vazifa bo‘lishi kerak.
Bundan buyon har bir rahbar va mutasaddi faoliyatiga aynan shu mezon asosida baho beriladi.
Prezidentimiz deputatlarni vakolatlari doirasida o‘z okruglaridagi tuman va shahar darajasida so‘rov va talabni hech tortinmasdan kuchaytirishga chaqirdi.
Qonun ijodkorligi jarayoni, avvalo, jamiyatimizdagi dolzarb muammolar yechimiga, xalqimizning og‘irini yengil qilishga qaratilishi kerakligi taʼkidlandi.
Masalan, yurtimizda aholi soni yiliga qariyb 1 millionga oshmoqda. Bu – yangi uy-joylarni ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Lekin dehqonchilik uchun zarur yerlar uy-joy qurishga berib yuboraverilsa, ertaga qayerga ekin ekamiz, oziq-ovqat xavfsizligi nima bo‘ladi, degan savollar dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, aholi va keng jamoatchilikning fikrini o‘rganib, eskirgan uylar o‘rnida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish kerakligi taʼkidlandi.
So‘nggi paytlarda uy-joy qurib berishni vaʼda qilgan quruvchi va unga ishonib sarmoya kiritgan aholi o‘rtasida nizolar uchrayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Bunday holatlarning oldini olish maqsadida fuqarolarimizning uy-joy qurilishiga jalb etilgan mablag‘larini kafolatli himoya qilishga qaratilgan qonunni qabul qilish lozimligi qayd etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111816 | Инструменты