Huawei 1
Prezident parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligini aytdi

Prezident tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, ajratilayotgan mablag‘lar o‘z egasiga yetib borishini taʼminlash uchun majburiy tibbiy sug‘urta tizimini albatta qonun bilan mustahkamlab qo‘yish vaqti kelganini taʼkidladi

“Xususiy maktab va bog‘cha quraman”, degan investorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yana-da keng sharoitlarni yaratib berish masalalariga eʼtibor berish lozim.

Moliyaviy texnologiyalar, raqamli “market-pleys”lar, “veb-servis”, “bond omborlari” kabi yangi tijorat maydonlari kundalik hayotimizga jadal kirib kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, franchayzing, kapital bozori, “startap”lar sohasidagi munosabatlarning qonuniy asoslarini yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, sunʼiy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini yaratish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratish juda muhim.

Kelgusi yilda ilk bor elektr energiyasi onlayn ulgurji bozori ishga tushadi. Shu bois, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladigan bu sohada bozor mexanizmlarini joriy qilishning huquqiy asoslarini yaratishni tezlashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Yangi davrda parlament chinakam xalq uyi, uning quyi palatasi esa g‘oyalar generatoriga, sog‘lom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanishi kerak. 

O‘tgan saylovlarda siyosiy partiyalarning dasturi ham, g‘oyalari ham bir-biridan farq qildi, turli siyosiy mafkuralar kurashi yaqqol ko‘zga tashlanib turdi. Xususan, saylovlar jarayonida ko‘plab debatlar tashkil etilganini xalqimiz va xalqaro kuzatuvchilar alohida eʼtirof etdi.

Prezidentimiz parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligini aytdi.

Buning uchun parlamentdagi muxolifatga kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish, 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallash, har chorakda “Hukumat soati” va parlament so‘rovi doirasida kamida bittadan masala kiritish kabi qo‘shimcha huquqlar berishni taklif qildi.

Saylovlardagi sog‘lom raqobat, muxolif fikrlar kurashi parlamentga ko‘chib o‘tsa, bu albatta xalq manfaatlariga mos qonunlar ishlab chiqilishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Parlament nazorati, avvalo, siyosiy nazoratdir, uning oqibati ham siyosiy masʼuliyat bilan bog‘liqdir. Prezident Qonunchilik palatasiga Hukumat aʼzosi hisobotini eshitib, uning yakunlariga ko‘ra, ushbu rahbarni isteʼfoga chiqarish to‘g‘risida Prezidentga taklif kiritish huquqi berilganini eslatib o‘tdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111816 | Инструменты