Huawei 1
“Dok-1 Maks” ishi: Jabrlanuvchilar koʻrsatmasi. Sud marhumlarda eksgumatsiya oʻtkazishga ruxsat bermadi

Dok-1 Maks ishining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Unda Qoraqolpog‘iston Respublikasidan kelgan jabrlanuvchilar ko‘rsatma berdi. Ushbu sud majlisida "Uzreport" jurnalisti Shahzod O'roqboyev bevosita ishtirok etdi. Ma’lum bo'lishicha, dorixonalarda ayrim marhumlarning ota-onalariga "Dok-1 Maks" dori vositasi tavsiya etilgan.

Qo‘ng‘irot tumanidan kelgan jabrlanuvchi marhum farzandi shu vaqtgacha umuman kasal bo‘lmaganinni aytdi. U bu doridan avval ham bergan, ammo yomon asoratlar kuzatilmagan. 2022-yilning 15-oktabrdan boshlab sirop ichirilgan bo‘lsa, 22-oktabrida peshob kelmagan. Tumanga borgan ona, u yerda dializ apparati yo‘qligi tufayli Nukusga yo‘l olgan. Afsuski,  ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay, 2016-yilda tug‘ilgan bolakay vafot etgan. Jabrlanuvchi ayblanuvchilar aniqlansa, og‘ir jazo berilishini so‘radi.

"Jazo masalasida eng og'ir jazoni berishingizni so'rayman. Axir, farzandlarimiz, shuncha go'daklarni o'ldirib o'tiribdi. Bular ham ota-ona, ularda ham farzand bor. Meni 3 ta qizim va 1 ta o'g'lim bor. O'glim vafot etdi. Hozir sog'lig'im bilan bog'liq men farzandli bo'lolmayman. Har oyda kasalxonada yotaman. Shuning uchun o'g'il farzand olib saqlash niyatimiz bor. Shundan yordam so'rayman", - dedi onalardan biri

Shundan so‘ng nukuslik ayol  vafot etgan 3 yarim yoshlik farzandi haqida ko‘rsatma berishni boshladi. Marhumda shamollash, yo‘tal holatlari aniqlangan.  Marhumning onasi dorixonaga borib, mazkur holatlarni aytib dorixona vakiliga murojaat qilganda, u "Dok-1 Maks"ni tavsiya etgan. Ushbu dori ichirilgan ikkinchi kundan boshlab peshob kelmagan. Rengenga tushirilganda, 2 ta buyrak ko‘rinmagan. Shifokorlar esa onaga koronavirusning yangi shtammi bo‘lishi mumkinligini aytishgan. O‘tgan yilning 1-noyabrida komaga tushgan bola 20-noyabrida vafot etgan. Ayol sudga moddiy da’vo ham kiritdi. 

"Bersin 3 mlrd bersin. Ota-onalar shuncha ko'z yosh to'kib yuribdi", - deydi u

Marhumlarning ota-onalari yig‘ilganlarga farzandlarining  hayotlik chog‘laridan olingan foto va video lavhalar namoyish etishdi.

Keyingi jabrlanuvchining aytishicha, 1 yosh-u 4 oylik farzandi gripp bo‘lgan. Unga  ham dorixona vakili "Dok-1 Maks" tavsiya etgan. Bola buni ichgandan keyin ahvoli yomonlashgan. So‘ng, tez yordam xizmatini chaqirishgan. Ular marhumaga gripp tashxisini qo‘yib, dori berishda davom eting degan. Ona shifokorlarga bolasiga qanaqa sirop berayotganini bildirmagan. Shu bois, farzand gripp deb gumon qilingan.

"Meni qizim gripp bo'lib, reanimatsiyaga tushib qoldi. Qon topshirdim, hamma aytilgan ishni qildim. Lekin u yaxshi bo'lmadi", - deydi ona

Jabrlanuvchilar ko‘rsatma davomida sudga farzandlarining videolavhalarini taqdim etib borishdi. Bulardan ko‘pchilik ko‘zini yoshdan tiya olmagan. 

Ellikqala tumanidan kelgan jabrlanuvchi o'z ko‘rsatmasida dorixonada unga ambranol siropi taklif etilganini dori iste’molidan keyin marhumda qattiq titrash alomatlari kuzatilganini bildirdi. Farzandi yotgan shifoxonada dilaiz qilishga yordam beradigan filtirlar yo‘qligini qayd etdi.

"Biz bu narsani qidirib sarson bo'ldik. Rossiyada, Qozog'istondan bu apparatni qidirdik. Shu narsa yetishmasligidan farzandlarimiz 2-3 kun o'tib dilaiz qilingan. Filtr apparatini 2-3 marta qo'llash vaqti ham bo'lgan, ya'ni qayta ishlatishga majbur bo'lishgan. Men o'zim 5 mlrd so'rayman. Ular kuladimi, qotadimi menga farqi yo'q. Shu pulni ham topib berishni eplolishmaydi. Shuning uchun ham 5 mlrd so'rayman", - deya ta'kidladi ota

Sudda Qo‘ng‘irot tumanidan kelgan yana bir ona ko‘rsatma berdi. Uning marhum farzandi ham shamollagan. U ham "Dok-1 Maks"ning salbiy ta’siri ostida bir komaga tushib, hushini tiklagan marhum hattoki onasini tanimagan, achinarlisi uning qulog‘idan ham qon kelgan. Sud majlisi davomida marhumlarning boshqa yaqinlari ham ko‘rsatma berdi. Shundan keyin advokat Davron Ahmadov tomonidan kiritilgan eksgumatsiya qilish bo‘yicha sud qaror qabul qildi. 

Unga ko'ra, sud o‘z ishini juma kuni yana davom ettiradi. 


Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31308 | Инструменты