Aslida qonun nima maqsadda qabul qilindi? Oliy Majlis Senati a’zosi Sayyora Abdukarimova shu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Mamlakatimizda chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sifatini oshirishga hamda ushbu sohaga tadbirkorlik sub’ektlarini faol jalb etishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish ishlarida ayrim muammolarning mavjudligi chiqindilar bilan bog‘liq samarali tizimni shakllantirishga hamda sohani yanada rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda.
Jumladan, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirishni kechiktirish holatlari uchrab turibdi. Oqibatda sanitar tozalash sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun debitor qarzdorlik keskin oshgan. Ma’lumotlarga qaraganda, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun debitor qarzdorlik hozirda qariyb 600 milliard so‘mni tashkil etadi.
Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov intizomi darajasining pastligi xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning moliyaviy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir qiladi, albatta. Bu esa, asosiy fondlarni yangilash va xizmatlar sifatini oshirishga investitsiya kiritish imkoniyatini cheklamoqda. Shuningdek, bu ushbu sohaga tadbirkorlik sub’ektlari, xususiy sektor vakillarini jalb qilishga to‘siq bo‘lmoqda.
Sanitar tozalash xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilot tasdiqlangan jadval asosida doimiy ravishda aholi punktlaridan maishiy chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi. Mazkur holatda to‘lov amalga oshirmagan ma’lum bir (individual) abonentga xizmat ko‘rsatmaslik imkoni mavjud emas.
O‘z vaqtida to‘lovni amalga oshirmagan iste’molchilarga nisbatan ta’sir choralari faqatgina sud tartibida amalga oshirib kelinmoqda. Bu esa uzoq davom etuvchi jarayon hisoblanadi.
Bunday holatlarga chek qo‘yishga qaratilgan yangi qonun bilan Fuqarolik va Uy-joy kodekslari, “Raqobat to‘g‘risida” va “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilar bu haqda qisqa xabar (SMS) orqali xabardor qilinadi. Shundan keyin qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar ulardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish vaqtinchalik cheklanadi.
Fuqarolik kodeksida energiya ta’minoti shartnomasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham nazarda tutilishi mumkinligi belgilandi.
Bundan tashqari, Uy-joy kodeksida davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilarga kommunal xizmatlar ko‘rsatish majburiy to‘lovlar uch oydan ortiq to‘lanmagan taqdirda to‘xtatib turilishidan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari mustasno ekanligi nazarda tutildi.
“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga ham qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun iste’molchilar qarzdorligining oldini olishga qaratilgan qoidalar kiritildi. Shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlar kiritish esa taqiqlandi.
“Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunga qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtinchalik cheklashni ko‘zda tutuvchi qo‘shimcha kiritildi. Bunda, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun to‘lovlarni hisob-kitob qilishning ishonchliligi hamda to‘g‘riligi uchun javobgar bo‘ladi.
Mazkur talablar buzilgan hollarda iste’molchiga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanadi. Qarzdorlik bartaraf etilgan taqdirda cheklov avtomatik ravishda bekor qilinadi.
Qonun chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov intizomini mustahkamlaydi. Mazkur xizmatlar bo‘yicha debitor qarzdorlikni kamaytiradi. Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar moliyaviy ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga, asosiy fondlarni yangilash orqali ushbu xizmatlar darajasini xalqaro standartlar talablariga moslashtirishga yo‘l ochadi.
Sohaga tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga, aholiga ko‘rsatilayotgan sanitar tozalash xizmatlari sifatini yaxshilashga va atrof-muhit musaffoligini ta’minlash va aholi uchun qulay ekologik muhit yaratishga xizmat qiladi.
Xizmatlar uchun to‘lovlarning o‘z vaqtda to‘lanishini ta’minlash joylarda chiqindilarni noqonuniy joylashtirish yoki belgilanmagan joylarga tashlash holatlarining oldini oladi. Chiqindilarning poligonlarda to‘planishini keskin kamaytiradi. Chunki soha rivojlansa, chiqindilarni qayta ishlash darajasi keskin oshadi.
Qonun 2025 yil 8 iyundan kuchga kiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31223 | Инструменты