Huawei 1
Ertalab nonushta qilishga odatlaning, aks holda...

Baʼzilar ishga yoki o‘qishga shoshilib, ertalab tamaddi qilishni unutib qo‘ysa, ayrimlar nonushta qilishni xohlamaydi. Ammo bu holat muntazam davom etsa, inson organizmi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi, shu jumladan surunkali kasalliklarning rivojlanish xavfi oshishi mumkin.

Feruza Hamrabayeva, tibbiyot fanlari doktori, professor:

— Uyqudan keyin qondagi glyukoza miqdori kamayishi natijasida miya butun organizm kabi samarali ishlashi uchun quvvatga muhtoj bo‘ladi. Nonushta qilmaslik esa tanani “uyg‘onishi” uchun zarur bo‘lgan energiya va ozuqa moddalaridan mahrum qiladi — deydi mutaxassis. — Muhim resurslarning yetishmovchiligi tufayli inson organizmi “energiyani tejash” rejimida ishlashga majbur bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, jismoniy faollik va ish unumdorligining kamayishi, charchoq va holsizlik hissi kuchayishi, diqqatning pasayishi, xotira yomonlashishi va qaror qabul qilish qobiliyatining sustlashishiga olib keladi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ertalab muvozanatli ovqatlanish insonning kun davomidagi ish samaradorligini 30 foizga oshiradi. Aksincha, haftasiga besh martagacha nonushta qilmaydigan odamlarda gemorragik insult rivojlanish xavfi 36 foizga oshadi.

Bundan tashqari, nonushta qilmaslikka odatlangan erkaklarda infarktga chalinish ehtimoli 25 foizga ko‘proq bo‘ladi. Har kuni ertalab hech bo‘lmasa yengil tamaddi qilish esa qon tomirlariga yuklamani kamaytiradi.

Paradoksal jihati, ertalab nonushtadan voz kechish semizlikka ham olib kelishi mumkin. Sababi, ertalab ozuqa moddalari va quvvatning yetishmasligi tufayli inson nonushtaning o‘rnini bosish uchun kun davomida haddan tashqari ko‘p ovqatlanishga majbur bo‘ladi. Buning natijasida ovqat hazm qilish qiyinlashadi, oshqozon-ichak kasalliklari va diabet rivojlanish xavfi oshadi.

Ertalab nonushta qilishni kanda qilish asab tizimiga ham jiddiy taʼsir ko‘rsatib, bu ortiqcha asabiylik, xotira va diqqatning pasayishi, kognitiv funksiyalar va ruhiy salomatlikning yomonlashishi bilan namoyon bo‘ladi.  

Shu bois, kundalik ratsionga nonushtani kiritish — sog‘lom va uzoq umr garovidir.

Ammo qanday qilib nonushta qilishni odatga aylanitirish mumkin?

Birinchi navbatda, tanani uyg‘otish, ichaklarning to‘g‘ri ishlashini taʼminlash hamda endokrin tizim birinchi taomga tayyorlanishi uchun kunni bir stakan iliq suvdan boshlang.

Taxminan yarim soatdan keyin tamaddi qilish mumkin. Nonushtani imkon qadar har kuni bir vaqtda qilish tavsiya etiladi.

Ertalab grechka, jo‘xori uni, arpa, tariq solingan va suv yoki sutda tayyorlangan bo‘tqalar yeyish juda foydali. Tuxumni qovurilgan yoki qaynatilgan holda isteʼmol qilish ham kun bo‘yi tanani kerakli vitamin va minerallar bilan taʼminlaydi.

Shuningdek, kam yog‘li tvorog, sut, kefir, tabiiy yogurt ichish organizmni ko‘p miqdorda ozuqa moddalari, D vitamini, kaliy va kalsiy bilan to‘yintiradi. Ozishni istaydiganlar kam yog‘li sut ichishlari maqsadga muvofiq. Qolaversa, nonushtada yog‘siz mol, tovuq, kurka va baliq go‘shtidan tayyorlangan taomlarni tanavvul qilish foydali.

Ertalabki tamaddi payti xamirturush bilan pishirilgan ovqatlar, sitrus mevalar, xom sabzavotlar, yog‘li go‘sht va uglevodga boy mahsulotlar isteʼmol qilish tavsiya etilmaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100600 | Инструменты