Huawei 1
Garov bilan taʼminlangan qarzlarni undirishdagi huquqiy mexanizmlar yanada takomillashtirilmoqda

Senatning beshinchi yalpi majlisida “Kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimi yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur Qonun bilan kreditorlarning garovdagi mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligini taʼminlash va garovdagi mol-mulk hisobidan kredit qarzdorlikni undirish jarayonlarini soddalashtirish nazarda tutilmoqda.

Xususan, garovga qo‘yilgan mol-mulk egasi jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etganligi uchun undan mol-mulki olib qo‘yilsa, banklarga o‘z talablarini ushbu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirish huquqi berilmoqda.

Bundan tashqari, garovdagi mulkni bozor qiymatida savdoga chiqarish hamda qaytmagan qarzdorlik summasi garov qiymatining 15 foizidan kam bo‘lganda, undiruvni mulkka qaratmaslik belgilanmoqda.

Qonunda undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratilganda ushbu mol-mulkning kimoshdi savdosidagi boshlang‘ich sotish narxi sud qarori bilan belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Qonunga ko‘ra garovdagi mol-mulk qarzni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bo‘yicha sotilmaganda, davlat ijrochisi tomonidan undiruvchiga (bank yoki boshqa qarz beruvchi tashkilot) mol-mulkni takroriy auksion savdolari yoki savdo tashkilotlari tomonidan qayta realizatsiya qilish chog‘idagi boshlang‘ich sotish narxidan 25 foiz kamroq summada o‘zida qoldirish taklifini bildirish tartibi belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi kreditorlarning garovga qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligini taʼminlash, garov narsasini suddan tashqari tartibda realizatsiya qilish tizimini takomillashtirish, majburiyatlarni garovga qo‘yilgan mol-mulk hisobidan undirish jarayonlarini soddalashtirish va kredit tashkilotlarining kredit portfelidagi muammoli aktivlar ulushini kamaytirishga xizmat qiladi.

Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31800 | Инструменты