Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Hindistondagi Maiden Pharmaceuticals korxonasi ishlab chiqargan 4 ta yo‘talga qarshi siropi Gambiyada 66 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lganligi haqida barcha davlatlarni ogohlantirgan.
JSST bu dorilar G‘arbiy Afrika mamlakatidan tashqarida tarqatilgan bo‘lishi mumkinligi va xavf faqatgina Gambiya bilan chegaralanmaganligini ta'kidladi.
Gap to'rtta dori haqida ketyapdi: Promethazine Oral Solution (Prometazin, ichimlik eritma), Kofexmalin Baby Cough Syrup (Kofeksmalin bolalar yo'tal siropi), Makoff Baby Cough Syrup (Makoff bolalar yo'tali siropi) va Magrip N Cold Syrup (“Magrip N” shamollashdan sirop).
Bugungi kunga qadar ishlab chiqaruvchi JSSTga ushbu mahsulotlarning xavfsizligi va sifati bo'yicha hech qanday kafolat hujjatlarini taqdim qilmagan.
To'rtta preparatning laboratoriya tahlillari ular tarkibida juda yuqori darajadagi ifloslantiruvchi moddalar - etilenglikol va diyetilenglikol mavjudligi aniqlangan.
Etilenglikol va diyetilenglikol odamlar uchun zaharli bo'lib, o'limga olib kelishi mumkin.
Zaharlanish belgilari orasida qorin og'rig'i, qusish, diareya, siyish qiyinlashuvi, bosh og'rig'i, ruhiy holatning o'zgarishi va o'limga olib keladigan o'tkir buyrak shikastlanishi kiradi.
"Ushbu mahsulotlarning barcha partiyalari milliy nazorat organlari tomonidan zaruriy tahlil o'tkazilgunga qadar xavfli deb hisoblanishi kerak.
Tegishli vazirliklar va jamoatchilik uchun tavsiyalar: bemorlarga zarar yetkazmaslik uchun ushbu sifatsiz mahsulotlar aniqlanishi va muomaladan olib tashlanishi kerak", deyiladi JSST bayonotida.
Eslatib o'tamiz, bundan bir necha kun avval O‘zbekistonda tarkibida aynan mana shu zaharli modda bo'lgan "Dok-1 MAKS" tabletka va sirop dori vositalarining savdosi to‘xtatildi. Sababi - 4 ta viloyatda ushbu siropdan 18 nafar bola vafot etgan.
Holat yuzasidan 27-dekabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan dorini O'zbekistonga import qilgan “Quramax medical” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev videomurojaat orqali "Dok-1 MAKS" siropini ichish natijasida dunyodan ko‘z yumgan 18 nafar bolaning ota-onalari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Shu bilan birga, mazkur ishga aloqador bo‘lgan va xatolikka yo‘l qo‘ygan barcha aybdorlar javobgarlikka tortilishi hamda hech kim bilan murosa qilinmasligini maʼlum qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12907 | Инструменты