“Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish to'g'risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko'ra, 2025-yil 1-apreldan “Yoshlar daftari” jamg'armalari orqali, 2025 yil 1 sentabrdan esa “Ayollar daftari” jamg'armalari orqali to'lanadigan bir martalik moddiy yordamlar o'rniga kam ta'minlangan oilalar uchun nazarda tutilgan nafaqalar to'lanadi.
2025-yil 1-maydan “Ijtimoiy daftarlar” jamg'armalari hisobidan davolash va jarrohlik amaliyotini o'tkazish xarajatlari Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi orqali moliyalashtiriladi.
2025-yil 1-apreldan Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam o'rniga ushbu hududlarda yashovchi Kambag'al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga uy-joyida artezian quduq qazish, suv nasoslarini o'rnatish hamda ichimlik suv filtrlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi.
Bunda subsidiya xarajatlarning 90 foizi, biroq BHMning 30 baravaridan ko'p bo'lmagan miqdorda ajratiladi.
2025-yil 1-maydan ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga BHMning 6 baravari miqdoridagi bir martalik nafaqa puli “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali to'lanadi.
Tuman (shahar) hokimliklari huzurida “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg'armalari tashkil etiladi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin kambag'al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarni qo'llab-quvvatlashning yangi instrumentlari yaratilishi haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21213 | Инструменты