Huawei 1
Maktabgacha ta'lim tizimida ilg'or pedagogika va axborot texnologiyalari joriy etiladi

Maktabgacha ta'lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Hujjatga ko'ra, Axborot va pedagogika texnologiyalari innovatsion markazi davlat muassasasi shaklida tashkil etildi.

Ta'lim-tarbiya jarayoniga ilg'or pedagogika va axborot texnologiyalarini joriy etish, Maktabgacha ta'limni boshqarish axborot tizimining joriy etilishini ta'minlash, shuningdek, maktabgacha ta'lim muassasalari uchun o'quv-metodik, didaktik materiallarni tayyorlash va ishlab chiqarish Markazning asosiy vazifalaridan etib belgilandi.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo'yicha loyiha oldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda bosh loyiha tashkiloti – Ixtisoslashtirilgan loyiha-izlanish instituti hamda maktabgacha ta'lim tizimi ob'ektlarini qurish, kapital ta'mirlash va jihozlash bo'yicha buyurtmachi vazifasini bajaruvchi Infratuzilmani rivojlantirish bo'yicha injiniring kompaniyasi tashkil etildi.

Shuningdek, Maktabgacha ta'limni rivojlantirish jamg'armasi o'z faoliyatini boshlaydi. Mazkur jamg'arma mablag'lari maktabgacha ta'lim muassasalarini belgilangan tartibda maqsadli qurilishlar ro'yxatiga kiritib, ularning tarmog'ini kengaytirishga, yuqori malakali mutaxassislar, xorijiy mutaxassislarni, shuningdek, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizni fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida Vazirlikka ishlash uchun jalb qilish kabi maqsadlarga yo'naltiriladi.

Qaror bilan 2019-yil 1-yanvardan maktabgacha ta'lim tizimining pensiya yoshidagi xodimlariga, ularning maktabgacha ta'lim tizimi muassasalaridagi faoliyati asosiy ish joyi bo'lgan taqdirda pensiya to'liq miqdorda to'lanishi belgilandi.

2018–2019 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirishning qo'shimcha chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.

Qishloq joylarda bir nechta ko'p qavatli turar joy uylari yoki uylar guruhlaridan iborat yangi qurilayotgan majmualardagi maktabgacha ta'lim muassasasining eng kam quvvati 50 o'rindan kam bo'lmasligi belgilandi.

2019-yil 1-yanvargacha maktabgacha ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan bolalar uchun jismoniy shaxs shaxsiy identifikatsiya raqamini berish bo'yicha xizmat joriy etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112509 | Инструменты