Huawei 1
"Mashinam murda tashuvchi emas" — haydovchi 19 yoshli qizni urib yuborib, uni shifoxonaga yetkazishdan bosh tortdi

Toshkent shahri Shayxontohur tumanida Gentra haydovchisi katta tezlikda piyodalar o‘tish joyida 19 yoshli qizni urib yubordi. Jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etdi, deb yozmoqda Kun.uz.

YTH 18 sentyabr kuni soat 11:30 da Samarqand darvoza va Abu Ali ibn Sino ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. 28 yoshli haydovchi svetoforda piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan qizni urib yuborgan.

Voqea guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, voqea sodir bo‘lganidan keyin qiz bir muddat tirik bo‘lgan, haydovchi uni kasalxonaga olib borishdan bosh tortgan. Tez yordam kelguniga qadar u vafot etgan.

"Odam urib ketdi deyishdi. Jon holatda pastga tushdim. Kelib qarasam, qiz og‘ir ahvolda yotgan ekan. Haydovchiga ko‘tar, yordam ber, dedim. U bo‘lsa, qo‘lida elektron sigaret ko‘tarib olgan, „mashinamga o‘lik ortmayman“, deb javob berdi. Biroz o‘tib qiz jon berdi. Haydovchi juda katta tezlikda kelgan. Men ikkinchi qavatdan tushib, to buyoqqa kelgunimcha qiz tirik edi. Keyin 5 minutdan so‘ng jon berdi. Tez yordam mashinasi keyin keldi", — dedi voqea guvohlaridan biri.

Marhumning otasi Akmal Sulaymonov huquq-tartibot idoralaridan aybdorni qonun doirasida jazolashni so‘radi.

"Farishtaday qizimning boshini yedi. Insof, vijdoni yo‘q ekan. Ota-onasi ta’ziyaga kelib, bir og‘iz ko‘ngil so‘ramadi. Yigit ozodlikda yurganmish… O‘sha yerdagi bitta, ikkitasi aytdi, u „mashinam trupovozka emas“ deb aytgan emish. G‘alati gapirgan-da, uning nima haqqi bor? Ertaga o‘zining o‘ligi ko‘chada xor bo‘lsin… Qizim 19 yoshda edi, avgust oxirida tug‘ilgan kunini o‘tkazgan edik… [Olamdan] o‘tganini hali ham anglaganim yo‘q. Ukasi gapira olmayapti. Singlisi ikki-uch kundan beri ovqatlangani yo‘q, majburlab ovqatlantiryapmiz. Uyda onam, yana uchta farzandim va ayolim bor. 5 kishini tinchlantirib, uxlatgunimcha bomdodga azon aytyapti… U ayb qildimi, jazo olishi shart… Yana o‘tib, [yordam berish o‘rniga] chekishiga balo bormi", — dedi u.

Ma’lum qilinishicha, marhuma Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida tahsil olgan.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92322 | Инструменты