Huawei 1
Turkiya bilan hamkorlikda O‘zbekistonning buyuk allomalari haqida ensiklopediya chop etiladi

Joriy yilning 15-19 sentyabr kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ishtirokida Turkiyada bir qator tadbirlar, davra suhbatlari, taqdimot va ko‘rgazmalar o‘tkazildi.

Ushbu xizmat safari davomida Istanbul shahridagi Ayo Sofiya majmuasi, Ko‘k masjid, To‘pqopi saroyi, qadimgi Efes shahri va Galikarnas maqbarasi kabi mashhur tarixiy yodgorliklarning kichik modellarini o‘z ichiga olgan ochiq osmon ostidagi miniatyuralar muzeyi – Miniatürk singari diqqatga sazovor joylarda qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Markaz mutaxassislari ushbu tarixiy obidalar va muzeylar, kutubxona va boshqa ma’rifiy muassasalar tajribasini o‘rgandi. 

Markaz axborot xizmatining xabariga ko‘ra, delegatsiyaga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy maslahatchisi Xalit Eren, Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy saroylar boshqarmasi boshlig‘i Yasin Yildiz, Turkiya qo‘lyozmalar idorasi rahbari Jo‘shkun Yilmaz hamda qator nufuzli oliy o‘quv yurtlari professorlari, olim va mutaxassislar hamrohlik qilgan. 

Turkiya tarixidagi muhim maskanlardan biri – Dolmabaxche saroyida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov va Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy saroylar boshqarmasi raisi Yasin Yildiz o‘rtasidagi uchrashuvda mushtarak milliy merosimizni o‘rganishda ilmiy kuch va imkoniyatlarni birlashtirish yuzasidan fikr almashildi. 

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan dunyo miqyosida islom dinining ma’rifatparvarlik tamoyillarini keng targ‘ib qilish, madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tiborga molik, – dedi Yasin Yildiz. – Bu borada Turkiyada ham nihoyatda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralarda ham bu borada hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilyapti. O‘ylaymizki, o‘zbekistonlik do‘stlarimizning bu tashrifi har ikki yurt olimlari va tadqiqotchilari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. 

Uchrashuvda bu borada o‘zbek va turk olimlarining hamkorligi doirasida qo‘shma forum tashkil qilish taklif qilindi. Yasin Yildiz Turkiyadagi milliy saroylar, muzey va kutubxonalar bilan hamkorlikda “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidan yangi kitob-albomlar chop etish bo‘yicha hamkorlik qilishini bildirdi. 

Shuningdek, Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqotlari markazida “Yangi O‘zbekiston: zamon, makon va madaniy meros” mavzusidagi fotoko‘rgazma tashkil qilindi. Fotoko‘rgazma doirasida “O‘zbekiston-Turkiya: tutash ildizlar va umumiy meros” media-ivent dasturi va “O‘zbekistonning buyuk allomalari ensiklopediyasi” loyihasi taqdimotlari o‘tkazildi. 

Ushbu tadbir yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom tadqiqotlar markazi va IRSIKA o‘rtasida “O‘zbekistonning buyuk allomalari” ensiklopediyasini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92323 | Инструменты