Huawei 1
Yo‘l harakati qoidalarini qayta-qayta buzgan haydovchilar bilan “mahalla yettiligi” ishlamoqda — YHXX boshlig‘i Sherzod Ibragimov

“Mahalla yettiligi” yo‘l harakati qoidalarini besh va undan ortiq marta buzgan haydovchilar bilan alohida ish olib boradi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining juma kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida O‘zbekiston IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sherzod Ibragimov ma’lum qildi.

Yig‘ilishda joriy yilning birinchi yarmida mamlakatda yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foizga, o‘lim holatlari 1,1 foizga, tan jarohati olish holatlari 9,2 foizga kamaygani ma’lum qilindi. Biroq aniq raqamlar keltirilmadi.

“Bu bizga taskinlik bermaydi. Har bitta o‘lim bilan bog‘liq YTH biz jiddiy ishlashimizni taqazo etadi. Bugungi kunda sodir etilayotgan har bir YTH chuqur ilmiy tahlillar asosida o‘rganilyapti… Bunda bir qator vazifalarni belgilab olganmiz. YTHga sabab bo‘luvchi omillarning har birini chuqur tahlil qilish va ularni bartaraf etish bilan bog‘liqdir. Bu omillardan biri yo‘l infratuzilmasining talabga javob bermasligidir. Bularni bartaraf etish uchun alohida ishchi guruhlar tuzilgan. Mutasaddi idoralar bilan avariya o‘choqlari bo‘lgan yoki noto‘g‘ri infratuzilma oqibatida yuzaga keladigan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha qator ishlar olib borilyapti”, — dedi Sherzod Ibragimov.

Tezlikni oshirish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda. Avtomaktablar va imtihon markazlarida haydovchilarning kasbiy mahoratini oshirish bo‘yicha ham alohida chora-tadbirlar belgilangan.

“Besh va undan ortiq qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarni alohida guruh qatlamiga kiritdik. Ular bilan „mahalla yettiligi“ birgalikda maqsadli ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Yo‘llarda bolalar o‘limini kamaytirish maqsadida Milliy gvardiya inspektor-pedagoglari va inspektor-psixologlari bolalarga bog‘cha va maktabdan boshlab yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatmoqda. Piyodalar o‘tish joylariga svetoforlar, maktablarda tezlikni o‘lchash moslamalarini o‘rnatish ishlari izchillik bilan amalga oshirilyapti”, — dedi u.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92400 | Инструменты