Huawei 1
“O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida”: 71-80 jildlar taqdim qilindi

Samarqandda davom etayotgan “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” VIII xalqaro kongressining bugungi dasturi davomida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumining o‘nta yangi jildi taqdimoti o‘tkazildi.

Ta’kidlanishicha, mazkur loyiha O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining yirik loyihalaridan biri bo‘lib, turli sabablarga ko‘ra, ayni paytda xorijdagi muzeylar, kutubxonalar, turli kolleksiyalar va boshqa muassasalarda saqlanayotgan o‘zbek xalqining madaniy yodgorliklari va moddiy buyumlari, qadimiy qo‘lyozmalar, nodir ashyolar haqidagi ma’lumotlarni jamlash, ularning nusxalarini olish va xalqimizga yetkazishga qaratilgan.

Davlat rahbari kecha kongress qatnashchilariga yo‘llagan tabrigida ushbu loyihaga ham to‘xtalib, shu paytgacha 70 jildlik kitob-albomlar nashr qilinib, yurtimiz va chet ellardagi eng mashhur kutubxonalar, oliygoh va  muzeylar, nufuzli ilm-ma’rifat maskanlariga yetkazib berilganini alohida ta’kidlagan hamda ana shu ishlarning davomi sifatida mazkur turkumdagi yana 10 ta yangi jild taqdimoti o‘tkazilishini muhim madaniy hodisa, deb baholagandi.  

"Loyihani amalga oshirishga yurtimiz olimlari bilan birga xorijdagi hamkorlarimiz, tarixchilar, muzey xodimlari ishtirok etmoqda. Bu galgi 10 jildni tayyorlashda ham ularning hissasi katta bo‘ldi va Buyuk Britaniya, Gretsiya, Hindiston, Qozog‘iston, Turkmaniston va boshqa davlatlardagi yurtimiz tarixiy merosiga oid noyob qo‘lyozmalar, hujjatlar, muzey eksponatlari, tarixiy asarlar o‘rganildi. Bu noyob ma’lumotlar albatta, mamlakatimiz tarixi, ajdodlarimiz ma’naviy merosini o‘rganish va tadqiq etishga xizmat qiladi", – deydi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Rustam Jabborov.

Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi Dilorom Karomat, Buyuk Britaniyadagi Kembrij universiteti Eron tadqiqotlari markazi direktori Feruza Melvill, Moskva davlat tibbiyot muassasasi “Saritsino” davlat tibbiyot zavodi katta ilmiy xodimi Yelena Ofitserova, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ko‘rgazmalar direksiyasi direktori o‘rinbosari Lyudmila Kodzayeva, Berlin davlat kutubxonasi tadqiqotchisi Aysima Mirsulton va boshqalar har bir jildning yaratilish jarayoni haqida ma’lumot berdilar. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi Aftondil Erkinov jahon to‘plamlaridagi Alisher Navoiy qo‘lyozmalariga to‘xtaldi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91318 | Инструменты