Huawei 1
O‘zbekiston TIV vakili o‘zbeklarni haqorat qilgan “rus” voqeasiga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya fuqarosi deb taxmin qilingan shaxsning o‘zbeklarga nisbatan shovinistik va ochiq haqoratomuz bayonotlari aks etgan video tarqaldi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov mazkur holat yuzasidan ma’lumot berdi.

U dastlab media kun tartibini diplomatik kun tartibidan ajratish zarurligini ta’kidladi.

"Vaqti-vaqti bilan OAVlarining kun tartibida ba’zi voqealar yoki bayonotlar tufayli shovqinlar paydo bo‘ladi. Lekin ular voqelikni to‘g‘ri aks ettira olmasligi, ba’zan esa uni juda buzib ko‘rsatishi mumkin. Shu munosabat bilan OAV va bloglar olami vakillarini tasdiqlanmagan materiallarni tarqatmaslikka chaqiramiz. Biz hamkorlikka doim ochiqmiz", deydi Ahror Burhonov.

TIV vakili qaysi millatga mansub bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zbek xalqiga qarata aytilayotgan bunday gaplarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, O‘zbekiston o‘z fuqarolarining huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini qayerda bo‘lishidan qat’i nazar doimo himoya qilgan va himoya qiladi.

"Biz axborot maydonini muntazam ravishda kuzatib boramiz. Ushbu video internetda topilishi bilanoq, Rossiya tomoniga diplomatik kanallar orqali zudlik bilan murojaat qilingan. Bunday paytlarda asl manbani topish va materialning haqiqiyligini tekshirish juda muhimdir.

Tabiiyki, Rossiya tomoni shu zahotiyoq “Bunday haqoratomuz bayonotlar, kim tomonidan aytilishidan qat’i nazar, chuqur afsuslanarliligi” ta’kidladi", deydi TIV vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tekshiruvlar natijasida ushbu material provokatsion xususiyatga ega bo‘lib, xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarga nizo keltirib chiqarishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlar tomonidan to‘qib chiqarilgani ma’lum bo‘lgan. 

"Rossiya tomonining xabar berishicha, videoda tilga olingan shaxs Rossiya Federatsiyasi fuqarosi emas. Hozirda Rossiyaning rasmiy OAVlari ham bu borada qator materiallarni e’lon qilmoqda. 

Yana bir bor barchaga har qanday axborot materialini tarqatishda mas’uliyat bilan yondashish zarurligini eslatib o‘tamiz. Tasdiqlanmagan manbalardan olingan kontentni targ‘ib qilishni nomaqbul deb hisoblaymiz", deydi Burhonov.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga ko‘ra,  o‘zbeklarni haqoratlagan shaxs 41 yoshli Ukraina fuqarosi Nikolay Nikolayevich Kochmarik bo‘lib, uning videosi “Litva maxsus xizmatlari tomonidan nazorat qilinadigan” YouTube kanalida joylashtirilgan. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20120 | Инструменты