Germaniyaning sobiq prezidenti, 2004-2010 yillarda davlat rahbari lavozimida ishlagan Xorst Kyoler 1 fevral kuni 81 yoshida vafot etdi. Bu haqda mamlakat Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Kyoler erta tongda Berlinda “qisqa, ammo og‘ir kasallikdan so‘ng, oilasi qurshovida” vafot etgan.
“Ushbu og‘ir damda sizdan marhumning oilasining shaxsiy hayotiga e’tibor va hurmat ko‘rsatishingizni so‘raymiz. Dafn marosimi haqida keyinroq e’lon qilinadi. Marhumning oilasi nomidan hamdardligingiz va qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizga minnatdorlik bildiramiz”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Xorst Kyoler 1976 yildan 1981 yilgacha Iqtisodiyot vazirligida ishlagan. 1982 yilda Moliya vazirligiga o‘tib, 1990-1993 yillarda vazirlik shtat kotibi lavozimida ishlagan. 1993 yildan 1998 yilgacha Kyoler Germaniya jamg‘arma kassalari assotsiatsiyasini boshqargan, so‘ngra Londonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) rahbari lavozimida ikki yil ishlagan. 2000 yildan 2004 yilgacha Xalqaro valyuta jamg‘armasining boshqaruvchi direktori bo‘lgan.
2004 yil 1 iyulda Germaniya prezidenti etib saylangan. 2009 yil may oyida u bu lavozimga qayta saylangan. Uning ichki siyosat maqsadlari bandlik muammolarini hal qilish va ta’lim tizimini takomillashtirishdan iborat edi. Tashqi siyosatda u qashshoqlikka qarshi kampaniyalarni qo‘llab-quvvatladi. Xorst Kyoler 2010 yil 31 mayda iste’foga chiqqan. U mamlakatda armiyaning roli haqidagi izohlari tufayli janjal avj olganidan keyin shunday qarorga kelgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30708 | Инструменты