Huawei 1
O‘zbekistonda endilikda «Shaffof shaharlar» va «Halol tumanlar» paydo bo‘ladi

Korrupsiyaning oldini olish maqsadida O‘zbekistonda «Shaffof shaharlar» va «Halol tumanlar» dasturlari ishga tushiriladi. Bu Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida davlat hokimiyati organlarida korrupsiya xavflarini aniqlash, oldini olish hamda bartaraf etish maqsadida ishlab chiqildi.

Ushbu dasturlar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan «O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy ekotizimni mustahkamlash» qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Dastlabki bosqichda dastur Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani, Jizzax viloyatining Jizzax shahri va Buxoro viloyatining Vobkent tumanida amalga oshiriladi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, «Shaffof shaharlar» va «Halol tumanlar» – bu idora va tashkilotlar ichida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishini istisno etadigan halollik, shaffoflik va axloqning yuqori standartlari amal qiladigan maxsus yaratilgan hududlardir.

Bunday dasturlar Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Janubi-Sharqiy Yevropaning 11 mamlakatida amalga oshirilgan va o‘z samaradorligini ko‘rsatgan. Dastur 30 ta mahalliy hokimlik organida qo‘llanildi.

Dastur yaratuvchilari 2011 yilda davlat xizmatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun BMT mukofotiga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekistonda amalga oshiriladigan dastur asosidagi chora-tadbirlar korrupsiyadan holi hududlarni yaratishga yordam beradi. Dastur muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan keyin boshqa barcha tuman va shaharlarga tatbiq etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112816 | Инструменты