Oxirgi 6-7 yilda Oʻzbekistonda “yashil” iqtisodiyot, xususan, “yashil” energetikani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmlarini oshirish boʻyicha dadil qadam tashlandi.
Xususan, umumiy quvvati 20 630 megavattga teng boʻlgan quyosh va shamol elektr stansiyalari (quyosh fotoelektr stansiyalari quvvati – 7 ming 630 megavatt va shamol elektr stansiyalar quvvati – 13 000 megavattni tashkil qiladi)ni qurish boʻyicha xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda 38 ta bitim imzolandi. Ushbu loyihalarning roʻyobga chiqarilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 29 ta qaror imzolandi. Jumladan, umumiy quvvati 1700 megavattga teng boʻlgan 7 ta quyosh fotoelektr, umumiy quvvati 900 megavattga teng boʻlgan 3 ta shamol elektr stansiyasi loyihalari hayotga tatbiq etilmoqda.
Mazkur investitsiya loyihalari Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar”, “Tepelen Group AG” va “Solar Power Shine”, Fransiyaning “Total Eren”, “Voltalia”, Xitoyning “Gezhouba Overseas Investment Group”, “China Datang Overseas Investment” hamda “Universal Energy” kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati qariyb 24 mlrd 374 mln AQSH dollarini tashkil etib, ularning barchasi xorijiy kompaniyalar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hisobiga bajariladi.
Olib borilayotgan saʼy-harakatlar natijasida bugungi kunda 7 ta viloyatda umumiy quvvati 2,7 GVt boʻlgan 9 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda.
Xususan:
2021-yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida Oʻzbekistondagi ilk 100 megavatt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Xuddi shuningdek, 2022-yilning may oyida Samarqand viloyatining Nurobod tumanida ikkinchi 100 megavatt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi faoliyat boshladi.
2023-yil dekabr oyida Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumanida 220 megavatt quvvatli quyosh, Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida 200 megavatt, 2024-yil 2-may kuni yana 100 megavatt quvvatli quyosh, Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida 2023-yil dekabr oyida 200 megavatt, 2024-yil 2-may kuni yana 100 megavatt quvvatli quyosh, 2023-yil dekabr oyida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 457 megavatt quvvatli va 2024-yil 2-may kuni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida umumiy quvvati 200 megavatt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirilgan. Bu “yashil” elektr stansiyalar orqali 4,1 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
2024-yil 6-noyabr kuni soat 8:00 holatiga koʻra, Oʻzbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2024-yil boshidan beri ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 4 mlrd 192,7 mln kVt soatni tashkil qildi.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning shu davrigacha quyosh elektr stansiyalari tomonidan 3 mlrd 649,0 mln kVt soat, shamol elektr stansiyasi tomonidan esa 543,7 mln kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Buning natijasida:
— 1 mlrd 271 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
— atmosferaga 1 mln 760 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olindi.
Maʼlumot uchun, mazkur hajmdagi elektr energiyasi 2 mln 96,4 mingta xonadonning 10 oylik yoki 1 mln 747 mingta xonadonning bir yillik ijtimoiy normasini tashkil qiladi.
Shuningdek, 2024-yilda umumiy quvvati 2600 megavatt boʻlgan 10 ta, jumladan, Navoiy viloyatining Tomdi, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanlarida, qolaversa, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlarida quyosh hamda shamol elektr stansiyalari foydalanishga topshiriladi.
2025-yilda Buxoro viloyatining Qorovulbozor, Peshku, Gʻijduvon va Olot tumanlarida umumiy quvvati 3 ming 150 megavattga teng boʻlgan 7 ta quyosh va shamol hamda 2030-yilgacha Qoraqalpogʻiston Respublikasida umumiy quvvati 9 ming 300 megavattga teng boʻlgan 9 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi.
Taʼkidlash kerakki, tizimli ishlar natijasida 2026-yilga borib, Oʻzbekistonda umumiy quvvati 5000 megavatt, 2030-yilga borib esa 18000 megavattdan ortiq boʻlgan quyosh va shamol elektr stansiyalari ish boshlaydi.
Mazkur “yashil” loyihalar ishga tushirilgach, 2030-yilga borib, yiliga yiliga 50 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Buning natijasida yiliga qariyb 15 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Bundan tashqari, atmosferaga 21 mln tonna zararli gazlar chiqarilishining oldi olinadi. Bu 2030-yilga borib, Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 40 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasiga toʻgʻri keladi, degani.
Sohada yana bir tarixiy qadam tashlandi
2021-yildan boshlab Oʻzbekiston tarixida birinchi marta aholi xonadonida oʻrnatilgan quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat tomonidan sotib olish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Sentabr oyida xonadoniga quyosh paneli oʻrnatgan jami 6 ming 379 nafar fuqaroga davlatga sotgan 2 mln 411 ming 985 kVt soat elektr energiyasi uchun 2 mlrd 411 mln 985 ming soʻm toʻlab berildi.
Joriy yilning yanvar — sentabr oylari davomida esa umumiy 6 ming 397 nafar jismoniy shaxs oʻz xonadonida oʻrnatilgan quyosh panellari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarib, isteʼmoldan ortgan 8 mln 945 ming 276 kVt soatlik qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotgan.
Har bir kVt soat elektr energiyasi 1000 soʻmdan sotib olinadigan ushbu hajm jami 8 mlrd 945 mln 276 ming soʻmni tashkil qilgan va tegishli summa Davlat soliq qoʻmitasining “Soliq” mobil ilovasi orqali yuqoridagi fuqarolarning bank plastik kartalariga oʻtkazib berilgan.
Eslatib oʻtamiz, mazkur subsidiya mablagʻlari soliq organlari tomonidan har oyda “Soliq” mobil ilovasi orqali hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar (sentyabr oyi uchun belgilangan subsidiya 25-avgustgacha) fuqarolarning bank plastik kartalariga oʻtkazib beriladi.
Jismoniy shaxslarning quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini onlayn sotib olishlari uchun platforma – https://energymarket.uz ishga tushirildi.
Ushbu qurilmalarni ikki xil usulda xarid qilish mumkin. Birinchisi, 3 yil muddatda foizsiz (0%) boʻlib-boʻlib toʻlagan holda. Toʻliq sotib olganda esa isteʼmolchiga quvvatiga qarab davlat tomonidan kompensatsiya beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110820 | Инструменты