Huawei 1
O‘zbekistonning qaysi hududlarida aholi ko‘proq daromad olayotgani maʼlum qilindi

O‘tgan yili mamlakatda aholi jon boshiga daromadlarning real o‘sishi 5,9 foiz bo‘ldi. Bu haqda Statistika agentligi maʼlumot berdi.

2024-yil yanvar–dekabr oylarida O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari 896,3 trln so‘mni tashkil etdi (real o‘sish 8,1 foiz). Bu aholi jon boshiga yiliga 24,1 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Aholining umumiy daromadlari — majburiy to‘lovlar (soliqlar) va boshqa ajratmalarni amalga oshirgunga qadar bo‘lgan yalpi daromadni ifoda etadi.

Yil davomida jami daromadlarning 58,7 foizi kichik tadbirkorlikdan olingan. Bir yi ichida aholi jon boshiga umumiy daromadlar real o‘sish surʼati 5,9 foiz darajasida bo‘lgan.

Hududlar kesimida bir kishilik daromadning eng yuqori miqdor Toshkent shahrida qayd etilgan — 60,6 mln so‘m. Shu bilan birga, Navoiy (38,1 mln so‘m so‘m), Buxoro (27, 5 mln so‘m) va Toshkent (25,1 mln so‘m) viloyatlari aholisi o‘rtachadan yuqori daromad olgan.

Yil davomida eng quyi daromadlar Namangan viloyati (16,8 mln so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (16,8 mln so‘m) va Surxondaryo viloyatida (17,9 mln so‘m) kuzatilgan.

Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Toshkent shahri (15,4 foiz), Navoiy (7,9 foiz) hamda Toshkent (6,4 foiz) viloyatlarida qayd etilgan. O‘z navbatida bu ko‘rsatkich nisbatan ko‘p hududlarda o‘rtachadan past shakllangan. Xususan, Samarqand (5,3 foiz) Andijon (4,8 foiz), Xorazm (4,7 foiz) Sirdaryo (3,7 foiz), Qashqadaryo (3,2 foiz) va Buxoro (2,4 foiz) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi (2,4 foiz), Jizzax (2 foiz), Farg‘ona (1,1 foiz) Namangan (0,5 foiz), Surxondaryo (0,2 foiz) viloyatlarida natijalar yomon bo‘lgan.

Agentlik aholining umumiy daromadlari tarkibini ham ochiqlagan. Maʼlum qilinishicha, jami daromadlarning 27,9 foizi yollanma ishchilarga tegishli. Shuningdek, 35 foiz qismi mustaqil ravishda band bo‘lishdan, 7,8 foizi shaxsiy isteʼmol uchun o‘zida ishlab chiqarilgan xizmatlardan va 3,3 foizi mol-mulkdan olingan daromadlardir.

Yil davomida aholi mol-mulkdan umumiy hisobda 30,1 trln so‘m daromad olgan. Mazkur turdagi daromadlarning qariyb uchdan ikki qismi yoki 63,5 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Navoiy viloyati esa 5,8 foiz ulush bilan keyingi yuqori ko‘rsatkichga ega chiqqan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21020 | Инструменты